Boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati qanday?
Senat yalpi majlisida Boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, boshqaruv servis kompaniyalarini tanlashda mulkdorlarning bevosita ishtirokini ta’minlash maqsadida, joriy yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishlarini tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlar taqdim etish jarayonlari faqat “Mening uyim” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, mazkur tartib 2027-yildan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.
Bundan tashqari, “Mening uyim” axborot tizimining mobil ilovasi va veb-platformasi orqali mulkdorlarga kommunal to‘lovlarni kuzatish va amalga oshirish, boshqaruv kompaniyalari faoliyatini baholash, murojaatlar yuborish hamda ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlardagi qonunbuzilishlar haqida vakolatli organlarga elektron tarzda xabar berish imkoniyatlari ham yaratilgan.

Majlisda sohada raqamli transformatsiya jarayonlari ham izchil davom etayotgani qayd etildi. Majburiy to‘lovlar hisobini yuritish, har bir ko‘p kvartirali uy uchun alohida bank hisob raqamlarini ochish, sohani raqamlashtirish, mulkdorlar uchun elektron xizmatlarni kengaytirish hamda boshqaruv organlarining elektron reyestrini shakllantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri hamda “Turar joy” milliy axborot idoralararo platformasi ishga tushirilib, uy-joylarning texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish va yangilab borish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Senatorlar o‘z chiqishlarida sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar, jumladan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini reyting asosida baholash, raqobat muhitini kuchaytirish va ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunida Senatning ushbu sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA