Buxorodagi Turki Jandi maqbarasi haqida bilasizmi?
X asrda yashab oʻtgan, asl ismlari Abu Nasr Ahmad ibn al-Fazl ibn Muso al-Muzakkir boʻlgan bu ulugʻ zot Turki Jandi hazratlari nomi bilan mashhur boʻlgan.
X asrda yashab oʻtgan, asl ismlari Abu Nasr Ahmad ibn al-Fazl ibn Muso al-Muzakkir boʻlgan bu ulugʻ zot Turki Jandi hazratlari nomi bilan mashhur boʻlgan.
Yoshligida ilm olish, Buxoro madrasalarida oʻqish maqsadida Jand (Sirdaryo boʻyidagi qadimiy shahar)dan Buxoroi Sharifga kelgan bu zot olim, orif, muhaddis va valiyulloh darajasiga yetgan.
“Tuhfat az zoirin” va “Kitobi Mullazoda” (XV asr) asarida Turki Jandi maqbarasi zikri haqida quyidagi maʼlumotlar bitilgan:
“Uning qabri shaharning janubida joylashgan va shahar imoratlariga tutashib ketgan: ash–shayx ul-imom Abu Nasr Ahmad ibn al-Fazl ibn Muso al-Muzakkir al-Jandiyning munavvar qabri oʻsha yerda joylashgan va u shayx Abu Bakr ibn Isʼhoq al-Kalobodiyning oʻquvchilari va sahobalaridan biri, Alloh Taollo uning ruhini muqaddas qilsin va u odamlar va parilar peshvosi, viloyat va karomat sohibi edi”.
Abdukarim as-Somʼoniyning (1113-1167) “Nasabnoma” kitobida yozilishicha, “Abu Nasr Ahmad ibn Fazl al-Jandiy Buxoro imomlaridandur. Bu zot tafsir va hadis ilmida, maʼrifat ilmida peshqadam boʻlgan”.
Shayx Turki Jandi xoklari qoʻyilgan joy Buxoro shahridagi mashhur ziyoratgohlardan biri hisoblanib, shu nomdagi (xalq orasida Tayi pushta ham deyiladi) guzarda joylashgan. U yerda XX asrning 70- yillariga qadar bir necha qavatli pushta (sagʻana)lar joylashgan ziyoratgoh boʻlgan.
Bu ziyoratgoh hozir Buxoro shahridagi Namozgoh koʻchasida joylashgan.
Bu ziyoratgohda XII, XIV, XVI asrlarda barpo etilgan masjidda shayx va aromat sohibi Turki Jandi maqbarasi oʻrnashgan.
Maqbara yoshini aniqlash maqsadida dastlab 1971-1972-yillarda B.D.Kochnev tomonidan, 1987-1989-yillarda Ye.Nekrasova va S.Inyutin tomonidan arxeologik-tadqiqot ishlari olib borilgan. B.D.Kochnev yodgorlik qurilishi tarixini toʻrt davrga boʻlgan.
Birinchi davr, XI-XII asrlar. Shayx qabri joylashgan bino, yaʼni goʻrxona (4.25 metr) kvadrat shaklga ega boʻlib, kirish eshigi uning shimoliy-gʻarbiy tarafida boʻlgan. Qurilishda pishiq gʻishtdan (25*4 sm) va bino ichkarisini bezashda ganchdan foydalanilgan. Devor tashqi tomondan dekorativ pishiq gʻisht bilan qoplangan. Dahma obyekt markazida joylashgan. Dahma ostida pishiq gʻishtdan qilingan quti-sogʻonada (0.75*2 m, chuqurligi 0.56 m ) jasad qoʻyilgan.
Ikkinchi davr, XIII-XIV asrlar. Bu davrda masjid devorida tokchalar barpo etiladi. Kirish qismda maqbaraga olib boradigan yoʻlak (3.65m*5.5m, qalinligi 2m) boʻlgan ziyoratxona-masjiddan iborat ikkinchi qismi quriladi.
Uchinchi davr, XV-XVI asr. Ziyoratgohning maqbara joylashgan qismi oʻzgarmaydi. Faqat qabr usti yangi gʻishtlar bilan qoplanadi. Yoʻlak qismi 3.6 metrdan 4.4 metrga kengaytiriladi. Devori 27*5 sm pishiq gʻishtlar bilan quriladi. Quduq ham shu davrga taalluqli.
Toʻrtinchi davr, XVI-XVII asrlar. Bu davrga kelib ziyoratgohning hozirgi holati toʻliq shakllanadi. Yaʼni, kirish peshtoqi, hovli ichidagi hujralar shular jumlasidandir.
Oʻz davrida buxoroliklar orasida shunday odat taomilga kirgan:
Turki Jandi ziyoratgohi oldidan yoʻlovchilar ulovlaridan tushib piyoda oʻtganlar. Shayxning hurmatini joyiga qoʻymagan yoinki, shunday odat borligini bilmagan chavandozlar esa bu hududdan oʻtayotganda oʻz ulovlaridan yiqilib tushganligi haqidagi rivoyatlar keng tarqalgan.
Turki Jandi masjidi ichidagi quduq ham tabarruk hisoblanadi. Quduq suvining shifobaxshligi Makkai Mukarramadagi “Zam-Zam” qudugʻi bilan koʻrinmas yoʻl orqali bogʻlanganligi bilan izohlanadi.
Rivoyatlarga qaraganda, Turki Jandi qudugʻi ustida turadigan sirtiga Qurʼon oyatlari bitilgan mis jom quduqqa tushib ketib, bir muddat oʻtgach, Makkatullo qudugʻidan chiqqan. Bir qancha vaqtdan keyin esa oʻsha jom Makkatullo qudugʻiga tushib ketib, yana Turki Jandi qudugʻidan topilgan.
Turki Jandi va Chashmai Ayub maqbaralari bir davrga mansub inshootlar boʻlib hisoblanadi. Temuriylar davrida esa XII asrga barpo etilgan maqbara gumbazi taʼmirlangan va ziyoratxona barpo etilgan.
Ziyoratgohning maqbara qismi tashqi gumbazi baland silindrik asosga oʻrnatilgan boʻlib, uzoqdan koʻzga tashlanib turadi va binoning shaklu shamoyilini namoyish etadi. Ichki konstruktiv gumbaz esa qalqonsimon bagʻallar yordamida koʻtarilgan toʻrtta oʻzaro kesishgan ravoqlar ustiga oʻrnatilgan. Temuriylar davrida vujudga kelgan gumbaz osti konstruksiyalar shaklini Buxoroda ilk bor aynan Turki Jandi maqbarasida uchratish mumkin.
Amir Temur hukmronligi davrida Turki Jandi maqbarasida olib borilgan qurilish ishlarini miniatyurada tasvirlash maqsadida Buxorolik miniatyurachi-rassom Jahongir Ashurov “Amir Temur Turki Jandi ziyoratida” nomli noyob asarini yaratgan.
XX asrning 30-yillari boshlarida ziyoratgohni taʼmirlash uchun asosiy manba hisoblangan vaqf mulklari bekor qilinadi. Majmuaning umuman qarovsiz qolib ketgan ziyoratgoh qismi xarobaga aylanadi. Natijada XX asrning 70-yillarida bir necha qavatli pushtalar (qabrlar) tekislanib, turar joylar quriladi.
Maqbaraga XVI asrda qurilgan peshtoq orqali kiriladi.
XIX asr boshida oʻrnatilgan kirish eshigi ikki tabaqali boʻlib, uning har ikkala palagida arab hatotlik yozuvi turlaridan boʻlmish nastaʼliq xatida tarix bitilgan.
Turki Jandiy maqbarasiga kelib maʼnaviy ozuqa olgin,
Koʻngillar Haq Taoloning yodida ekanligini koʻrgin. Hojatmandlar uchun hojatlari boʻladi ravo, Ruhiy kasalliklar uchun davo borligini koʻrgin. Hazrati Rahmon muvaffaqiyat berib, iltijolar makonida toza niyatlar ijobatini koʻrgin.
Uning boshi yaqiniga bosh urib tarixni yozdi: “Firdavs jannatin yonidan bir eshik ochilganini koʻrgin”.
(Tarjima turli davrlarda bir qator sharqshunoslar: B. Qazoqov,
B. Bobojonov, Gʻ. Razzoqov va K. Rahimoov tomonidan amalga oshirilgan)
Turki Jandi maqbarasi Oʻzbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qaroriga asosan davlat muhofazasiga olingan. 2019 — 2020-yillarda “Obod mahalla” dasturi doirasida “Baraka Rizo Quruvchi” tashkiloti tomonidan keng koʻlamli restavratsiya tiklash ishlari amalga oshirilgan.
Nihoyat, 2020-yilga kelib ushbu tabarruk qadamjo isteʼdodli ustalar tomonidan toʻliq restavratsiya va tiklash ishlari yakunlanib, ziyoratchilar uchun obod maskanga aylantirildi.
Qadimdan xalqimiz orasida hazrati Turki Jandi maqbarasini ziyorat qilish, unga ehtirom keltirish xayrli hisoblanib, bu tabarruk qadamjo, ayniqsa huquq ilmi ahlining muqaddas ziyoratgohi sifatida eʼtirof etib kelingan.
Azalshoh Hamroyev,
Oʻzbekiston Tarixchilar jamiyati Buxoro viloyati boʻlimi raisi
Sherzod Mahmudov,
Buxoro viloyati Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish departamenti boshligʻi