Qabul-2026: 71 mingdan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi
2026-yil 9-iyun kuni soat 18:47 holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida ishtirok etish uchun jami 71 446 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar hujjatlarni elektron tarzda topshirish va test sinovlarida ishtirok etish uchun maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tmoqda. Qabul jarayoni mamlakat bo‘ylab faol davom etmoqda.
Qayd etish lozimki, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Nomzodlar test sinovlarida ishtirok etish uchun my.uzbmb.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Mutaxassislar abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishni so‘nggi kunlarga qoldirmaslikni, ma’lumotlarni diqqat bilan kiritishni va tanlangan ta’lim yo‘nalishlarini qayta tekshirib chiqishni tavsiya etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA