Buxoroda xalqaro kasbiy mahorat musobaqasi
Buxoroda “Bir makon – bir yo‘l” xalqaro kasbiy mahorat musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning mezboni – “Asia Trans Gas” MCHJ qo‘shma korxonasi bo‘lib, u “Turkmaniston –O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy” magistral gaz quvurining O‘zbekiston qismi operatori hisoblanadi. Musobaqa CNPC (Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi) tashkilotchiligida, “O‘zbekneftegaz” AJ ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Bunday miqyosdagi musobaqalar ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Nigeriya, Myanma va Benindan kelgan quvur o‘tkazuvchi, takelajchi, payvandchi, katod himoyasi bo‘yicha mutaxassislar va energetiklar ishtirok etmoqda. 9 ta jamoada quvur tarmoqlari sohasidagi 11 ta yetakchi kompaniya vakillari bor.
– Ushbu musobaqa ishtirokchilar, musobaqalar soni va vakillik qilinadigan kasblar doirasi bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yirik musobaqaga aylandi. Musobaqa doirasida biz maxsus ko‘rgazma maydoni va mahorat darslarini tashkil qildik. Bu ishtirokchilarga nafaqat musobaqalashish, balki boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblarning ish usullari bilan tanishish va ustalarning eng yaxshi tajribalarini o‘zlashtirish imkonini beradi. Bu noyob imkoniyat. Biz barcha ishtirokchilarni eng yaxshi tomonlarini namoyish etishga va adolatli musobaqada o‘zlarining haqiqiy mahorat darajasini namoyish etishga chaqiramiz. Bundan ham muhimi, boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan o‘tkazgan vaqtni qadrlash, musobaqa davomida o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash va mezbon mamlakatlar xodimlarining professionalligi va qadr-qimmatini to‘liq namoyish etishdir, – deydi CNPC Inson resurslari departamenti rahbari o‘rinbosari Xu Xunmin.
–“Bir makon – bir yo‘l” xalqaro musobaqasi mahorat, aniqlik va jamoaviy ruh bayramidir. Haqiqiy professionallik nafaqat bilim, balki tajriba almashishga tayyorlik bilan ham namoyon bo‘ladi. Shuning uchun har bir ishtirokchi, natijadan qat’i nazar, allaqachon g‘olibdir – ular o‘z mamlakatini, kompaniyasini va kasbining eng yaxshi an’analarini namoyish etadi. Biz mintaqaning energiya xavfsizligini biz bilan birgalikda ta’minlaydigan hamkor jamoalarni qabul qilishdan faxrlanamiz, –dedi ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ qurilish va transport bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari G‘ayrat Yo‘ldoshev.
Dastur oltita asosiy musobaqa– yuk ko‘tarish ishlari, elektrotexnika, quvurlarni o‘rnatish, payvandlash, avtomatlashtirish va nazorat-o‘lchov asboblari hamda katodik himoya mutaxassislari mohirligini o‘z ichiga oladi.
Shartlarga ko‘ra, quvur o‘tkazuvchilar musobaqasi ishtirokchilari 500 mm diametrli quvurlarni yig‘ishlari va ulashlari, so‘ngra nuqtali payvandlashni amalga oshirishlari kerak. Bu yuqori darajadagi geometrik aniqlikni va jamoaviy hamkorlikning muvofiqligini talab etadi.
Payvandchilar CNPC standartlari bo‘yicha argon-yoy va yarim avtomatik payvandlashda bellashadi, yuqori sifatli va tashqi ko‘rinishi yaxshi bo‘lgan ildiz va qoplama choklarni bajaradi.
Takelajchilar yuk ko‘tarish quvvati 25 tonna bo‘lgan KAMAZ KLINTSY krani bilan ishlaydi. Ular og‘ir yuklarni ko‘tarish va o‘rnatishdagi aniqlikni namoyish etadi, shu jumladan, yukning barqarorligini sinash uchun tennis koptoklaridan foydalaniladigan bosqich ham mavjud.
Amaliy ko‘nikmalar va vazifalarni bajarish aniqligiga alohida e’tibor qaratiladi, chunki har bir soniya va har bir millimetr hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
–Biz xatoga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lmagan murakkab sharoitlarda ishlashga o‘rganib qolganmiz. Bu yerda musobaqalarda, nazariya qanday amaliyotga aylanayotganini va raqobat sifatni qanday tug‘dirayotganini ko‘ryapmiz. Musobaqalar yuqori darajada tashkil etilgan, barcha zarur sharoitlar yaratilgan – ular ish ob’ektlaridagi real sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan, –deydi Nigeriya va Benin quvur tarmoqlari jamoasi sardori Kong Lei.
[gallery-25987]
Uch kun davomida jamoalar o‘z mahoratini namoyish etadi, hakamlar hay’ati esa aniqlik, xavfsizlik, innovatsionlik va jamoaviy hamkorlikni baholashi kerak bo‘ladi. Musobaqada o‘ttiz oltita medal – 8 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza o‘ynaladi. Shuningdek, “Eng yaxshi tashkiliy bo‘linma” va “Ilg‘or mehnat” uchun beshta jamoaviy medallar ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda yoshlarni muhandis-texnik kasblarga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, neft-gaz sohasidagi mutaxassisliklarni ommalashtirish mamlakatning barqaror rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6ahKoVwkgpU?si=j43o4ei7aSth0c3C" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari