Giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashaylik
Giyohvandlik bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydigan, balki jamiyatning ma’naviy ustunlarini yemiruvchi, xavfsizlikka tahdid soluvchi jiddiy illatdir. U oilalarni parokanda qiladi, yoshlar kelajagini xavf ostiga qo‘yadi va jinoyatchilikning ortishiga zamin yaratadi.
Shu bois O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonun mazkur sohaning huquqiy poydevorini mustahkamladi. Unda noqonuniy muomalaga qarshi kurashish, jamoat salomatligini muhofaza qilish va davlat xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalar aniq belgilab berilgan.
So‘nggi yillarda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, profilaktika, davolash va reabilitatsiya tizimini rivojlantirish, internet orqali tarqalayotgan noqonuniy ta’sirlarga qarshi kurashni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish esa ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Raqamlar esa muammo hali ham dolzarbligicha saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Jizzax shahar sudida 2026-yilning birinchi choragida giyohvandlikka oid 7 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, 7 nafar shaxsga nisbatan turli jazo choralari tayinlandi. Ular orasida yoshlar ham borligi, ayniqsa, tashvishli.
Bu holatlar ortida quruq statistika emas, balki izdan chiqqan hayotlar, yo‘qotilgan imkoniyatlar va og‘ir taqdirlar turibdi. Ko‘p hollarda bunday yo‘lga kirish qiziqish, noto‘g‘ri muhit yoki muammolardan qochish istagi bilan boshlanadi. Ammo uning oqibati deyarli hamisha bir xil — huquqiy javobgarlik va hayot yo‘lining og‘ir sinovlarga duch kelishi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar markaziy asab tizimiga jiddiy zarar yetkazib, kuchli ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi. Bu esa insonning o‘zini nazorat qilish qobiliyatini susaytirib, uni og‘ir jinoyatlarga yetaklashi mumkin. Shuning uchun qonunchilikda bunday jinoyatlar uchun jazo qat’iy va muqarrardir.
Biroq muammoni faqat jazo bilan hal etib bo‘lmaydi. Eng samarali yo‘l — profilaktika. Ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilik hamkorligida yoshlar ongida giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish zarur.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlikka qarshi kurash barchamizning umumiy vazifamiz. Qonun ustuvor, tarbiya mustahkam va jamoatchilik ongi yuksak bo‘lgan jamiyatda bu illatga o‘rin qolmaydi.
Otabek Ernazarov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi sudyasi.
O‘zA