Bojxona xizmat itlari taqdirlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida xizmat qilayotgan to‘rt oyoqli hamkorlar — “Djudi” va “Zara” laqabli xizmat itlari “Milliy kinologiya markazining 30 yilligi” munosabati bilan ta’sis etilgan ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Xususan, “Dovut-ota” chegara bojxona postining kichik inspektor-kinologi A.Purxanatdinovga biriktirilgan “Djudi” hamda “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postining kichik inspektor-kinologi S.Uralov bilan xizmat olib borayotgan “Zara” o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi va erishgan natijalari bilan e’tirofga sazovor bo‘ldi.

“Djudi”— portlovchi moddalarni aniqlashda, “Zara” esa giyohvandlik vositalarini qidirishda ixtisoslashgan. Labrador zotiga mansub “Djudi” va malina zotidagi “Zara” bojxona nazorati jarayonlarida o‘zining sezgirligi, hushyorligi va puxta tayyorgarligi bilan muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, xizmat itlari bojxona organlarining ishonchli ko‘makchilaridan biri hisoblanadi. Ularning yordami bilan taqiqlangan moddalarni aniqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shilmoqda.
Kinolog va xizmat iti o‘rtasidagi ishonch, tinimsiz mashg‘ulotlar va o‘zaro hamjihatlik samarali xizmatning asosidir. “Djudi” va “Zara”ning taqdirlanishi esa ana shu mehnat va fidoyilikka berilgan munosib bahodir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri