Boateng: Portugaliya terma jamoasi Ronaldusiz yaxshiroq oʻynaydi, u yoshlarga yoʻl berishi kerak
Jahon chempionati — 2026 guruh bosqichining 1-turida portugaliyaliklar Kongo DR bilan ochko boʻlishishgandi (1:1).
Gana terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Kevin-Prins Boateng Portugaliya milliy terma jamoasi hujumchi va sardor Krishtianu Ronaldusiz yaxshiroq oʻyin koʻrsatadi, degan fikrni bildirdi. Jahon chempionati — 2026 guruh bosqichining 1-turida portugaliyaliklar Kongo DR bilan ochko boʻlishishgandi (1:1).
"Agar Ronaldu haqiqiy jamoaviy futbolchi boʻlganida, chetga chiqib, yosh oʻyinchilarga oʻzlarini koʻrsatishlari uchun imkoniyat bergan boʻlardi. Portugaliya usiz yaxshiroq jamoaga aylanadi. U maydonda boʻlganida, jamoaga juda katta bosim tushadi, chunki hamma toʻpni aynan unga uzatishni istaydi.
Agar Portugaliya turnirda uzoqroqqa bormoqchi boʻlsa, fikrimcha, Ronaldu biroz ortga chekinishi kerak. Maydonda boshqalar oʻynasin, u esa muhim natijaga erishish uchun uchrashuvning oxirgi 15-20 daqiqasida maydonga tushgani maʼqul", — dedi Boateng.