Blyubaumni mag‘lubiyatdan “asragan” Sindorov Praggnanandxaga qanday tuhfa tortiq etarkan?
Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 9-tur bahslarida faqat niderlandiyalik Anish Giri qora donalarda AQSH vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etgan bo‘lsa, qolgan qarama-qarshiliklarda tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Hamyurtimiz Javohir Sindorov ushbu turda qora donalarda germaniyalik Mattias Blyubaumni mag‘lub etishga juda yaqin keldi. Ammo, kichik xatolik yarim ochko yo‘qotishi, uchrashuvning durang bilan yakunlanishiga olib keldi.

Uchrashuvdan keyin jurnalistlarga intervyu berish asnosida Sindorov o‘z xatosini e’tirof etdi. Germaniyalik shaxmatchi esa Javohirning ustunligini aytib, 22-yurish holatida mag‘lubiyatini tan olmoqchi bo‘lganini, biroq raqibi xatolikka yo‘l qo‘yishi oqibatida o‘yinni davom ettirganini bildirdi.

9-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, Javohir Sindorov 7 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Anish Giri 5,5 ochko bilan yurtdoshimizni ta’qib etmoqda. AQSH vakili Fabiano Karuana hisobida 4,5 ochko mavjud. 4-7-o‘rinlarni band etgan Mattias Blyubaum, Hikaru Nakamura, Rameshbabu Pragnanandxa va Vey I 4 ochkoga ega bo‘lsa, so‘nggi o‘rinda borayotgan Andrey Yesipenko 3 ochko jamg‘argan xolos.
Bugun, 9-aprel kuni o‘tkaziladigan 10-tur musobaqasida Javohir Sindorov oq donalarda hindistonlik Praggnanandxa bilan kuch sinashadi. Ular o‘rtasida 1-davraning 3-turida hamyurtimiz hind shaxmatchisini qora donalarda mag‘lub etgan edi. Xo‘sh, kecha Blyubaumni mag‘lubiyatdan “asrab qolgan” Sindorov bugun Praggnanandxaga qanday tuhfani tortiq etarkan? Bunga, albatta o‘yin davomida guvoh bo‘lamiz.

Shuningdek, bugungi turda Andrey Yesipenko — Matias Blyubaum, Vey I — Fabiano Karuana, Anish Giri — Hikaru Nakamura bahs olib boradi.
Ayollar o‘rtasida o‘tgan 9-tur uchrashuvlarida Tan Chjun’i (Xitoy) — Anna Muzichuk (Ukraina) va Aleksandra Goryachkina (FIDE) — Bibisara Asaubayeva (Qozog‘iston) durangga erishgan vaziyatda Chju Sziner (Xitoy) — Katerina Lagno (FIDE) va Vayshali Rameshbabu (Hindiston) — Divya Deshmux (Hindiston) bahslarida Chju hamda Vayshali g‘alaba qozondi.
9-turdan keyin ayollar o‘rtasida turnir jadvalini 5,5 ochkoga ega Chju Sziner va Vayshali Rameshbabu boshqarib bormoqda. Ulardan keyingi pog‘onada harakatlanayotgan Anna Muzichuk hisobida 5 ochko bor.
Bugun o‘tadigan 10-tur musobaqasida Anna Muzichuk — Vayshali Rameshbabu, Divya Deshmux — Aleksandra Goryachkina, Bibisara Asaubayeva — Chju Sziner, Katerina Lagno — Tan Chjun’i kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA