UWW “LA-2028” Olimpiya o‘yinlari uchun saralash taqvimini e’lon qildi
Butunjahon kurash ittifoqi (United World Wrestling) tomonidan “Los Angeles – 2028” Olimpiya o‘yinlari uchun sport kurashlari bo‘yicha saralash musobaqalari taqvimining e’lon qildi.
Mazkur taqvimga ko‘ra, 2027-yil reyting ochkolarini jamg‘arishning asosiy bosqichi sifatida belgilangan. Ushbu davr 15–21-fevral kunlari o‘tadigan birinchi reyting turniri bilan start oladi. Keyingi bosqichda 30-mart – 4-aprelda Osiyo, 5–11-aprel kunlari Yevropa, 12–18-aprel sanasida Afrika, 23–25-aprel kunida Okeaniya hamda 28-aprel – 2-mayda Pan-Amerika chempionatlari tashkil etiladi.

Reyting ochkolari uchun kurash 31-may – 6-iyun kunlari ikkinchi, 19–25-iyul kunlari esa uchinchi reyting turnirlari orqali davom ettiriladi. Yilning eng muhim musobaqasi sifatida 11–19-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu start Olimpiya litsenziyalari taqsimoti hamda sportchilarning jahon reytingidagi o‘rnini belgilashda hal qiluvchi omil bo‘ladi.
2028-yil boshida esa reyting ochkolari jamg‘arishning yakuni bosqichi o‘tkaziladi. Xususan, 17–23-yanvar kunlari yakuniy reyting turniri bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng 18–20-fevral Okeaniya, 24–27-fevral Pan-Amerika, 28-fevral – 5-mart Yevropa, 6–12-mart Osiyo hamda 14–19-mart kunlari Afrika chempionatlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu musobaqalar Olimpiada oldidan sportchilarning tayyorgarlik darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bevosita Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqalari 2028-yil mart–may oylarida o‘tkaziladi. Jumladan, 24–26-mart Afrika va Okeaniya, 31-mart – 2-aprel Pan-Amerika, 7–9-aprel Yevropa hamda 14–16-aprel Osiyo saralash turnirlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichda har bir qit’a vakillari Olimpiya yo‘llanmalari uchun kurash olib boradi.
Olimpiya litsenziyalari uchun so‘nggi imkoniyat sifatida 18–21-may kunlari jahon saralash turniri tashkil etiladi. Unda avvalgi bosqichlarda yo‘llanmaga ega bo‘lmagan sportchilar so‘nggi imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu sanalarda o‘tadigan musobaqa mezbonlari bir necha muddatdan so‘ng aniqlanadi.
Eslatib o‘tamzi, XXXIV yozgi Olimpiya o‘yinlari 14-30-iyul kunlari Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA