Bitta ariza - bir nechta bank: tadbirkorga kredit tanlash osonlashdi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida kichik va o‘rta biznes hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yaratilgan “TadbirCore” ochiq raqamli kredit marketpleysi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi direktori Nuriddin Hamidov va “Simple Smart Systems” direktori Shuhratbek Qurbonov ishtirok etib, platformaning imkoniyatlari va undan ko‘zlangan maqsadlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, platforma tadbirkorlarning moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojini banklarning kredit takliflari bilan yagona raqamli maydonda birlashtirib, kredit olish jarayonini soddalashtirish va tanlov imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Platforma “yagona oyna” tamoyili asosida ishlaydi. Tadbirkor elektron raqamli imzosi bilan bitta ariza topshiradi. Zarur ma’lumotlar davlat axborot tizimlaridan elektron ravishda olinadi va ariza platformaga ulangan banklarga yuboriladi. Shu tariqa, tadbirkordan bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta taqdim etish talab qilinmaydi. Banklar o‘z shartlaridan kelib chiqib takliflarini taqdim etadi, tadbirkor esa kredit summasi, foiz stavkasi, muddat va boshqa shartlarni solishtirib, o‘ziga mos taklifni tanlaydi.

“Simple Smart Systems” direktori Shuhratbek Qurbonovning ta’kidlashicha, platformaning asosiy maqsadi tadbirkorlarning kredit olish jarayonidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va banklar o‘rtasida raqobatni kuchaytirishdan iborat.
– Hozir jismoniy shaxslar kreditni ilovalar orqali onlayn olishga o‘rganib qolgan. Lekin kichik biznes va mikrobiznesda hali ham eski oflayn tizim saqlanib qolgan: hujjat yig‘asiz, bankka borasiz, bank arizani ko‘rib chiqadi. Ko‘pincha tadbirkor faqat o‘z bankiga murojaat qiladi va boshqa banklarning shartlarini solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
TadbirCore platformasining asosiy g‘oyasi ham shu yerdan kelib chiqqan. Tadbirkor bitta ariza bilan bir vaqtning o‘zida bir nechta bankka murojaat qiladi va ularning takliflarini solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Platforma tadbirkor uchun mutlaqo bepul. Tadbirkor qaysi hududda bo‘lishidan qat’i nazar, onlayn ravishda banklarga murojaat qilishi mumkin. Kredit ajratilgandan keyingi munosabatlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank va tadbirkor o‘rtasida davom etadi, – dedi Sh.Qurbonov.

Aytish joizki, pilot davrida 23 ta bank platformaga ulangan. 3 ming 262 ta tadbirkordan ariza kelib tushib, 1 ming 5 ta kredit ajratilgan. Jami kreditlar qiymati 415,7 milliard so‘mni tashkil qilgan. Ariza topshirishdan kredit ajratilishigacha bo‘lgan o‘rtacha muddat bir yarim sutkani tashkil etgan.
Platformada tadbirkor kredit mahsulotini mustaqil tanlashi yoki maxsus so‘rovnoma asosida o‘ziga mos kredit turini aniqlashi mumkin. 10 ta savolga javob berish orqali tizim tadbirkorga faoliyatiga mos kredit mahsulotlarini tavsiya qiladi. Ayni paytda platformada 17 turdagi kredit mahsuloti mavjud.
Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi direktori Nuriddin Hamidovning ta’kidlashicha, platformaning muhim jihatlaridan biri kredit jarayonini raqamlashtirish natijasida ortiqcha vaqt sarfi va byurokratik jarayonlarni qisqartirishdir.
– Biz platformani shunday tashkil qildikki, tadbirkordan bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta so‘rashga hojat qolmaydi. Zarur ma’lumotlar davlat axborot tizimlaridan elektron tarzda olinadi va bankka qayta ishlash uchun tayyor shaklda yetkaziladi.

Platforma nafaqat tadbirkor, balki banklar uchun ham jarayonlarni tezlashtiradi. Bank xodimi qog‘oz hujjatlarni qayta ishlashga emas, balki bevosita kredit arizasini ko‘rib chiqishga e’tibor qaratadi.
Yana bir muhim jihati esa banklar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirishga qaratilmoqda. Platformada banklarning arizalarni ko‘rib chiqish tezligi va kredit ajratish ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistika shakllantiriladi. Bu banklarni ichki jarayonlarini optimallashtirish va tadbirkorlarga tezroq hamda qulayroq shartlarni taklif qilishga undaydi, – dedi N.Hamidov.
Qayd etilishicha, platformaning keyingi bosqichlarida muqobil skoring mexanizmlarini ham joriy etish rejalashtirilgan. Bunda tadbirkorning nafaqat kredit tarixi, balki boshqa moliyaviy faoliyatiga oid ma’lumotlar ham hisobga olinadi. Bu esa ilgari kredit olmagan, ammo barqaror faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni baholash imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Platformaning pilot bosqichi yakunlangach, 24-sentabr kuni Samarqandda rasmiy road-show o‘tkazilishi, 1-oktabrdan esa to‘liq rejimda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida mas’ullar jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA