Uy-joy bozorida yil boshidagi keskin tebranishlardan so‘ng barqarorlik kuzatildi
Mamlakatimiz iqtisodiyotining flagman tarmoqlaridan biri bo‘lgan ko‘chmas mulk bozori joriy yilda o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidagi keskin o‘sish va tebranishlardan so‘ng respublika uy-joy bozorida kutilgan muvozanat va yuqori faollik saqlanib qolmoqda. Bu esa aholining investitsion kayfiyati, qurilish sektoridagi jonlanish hamda ipoteka-kreditlash mexanizmining ishlayotganidan dalolat beradi.
Joriy yilning avgust oyida respublika bo‘yicha qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Ushbu raqam o‘tgan yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichga deyarli to‘liq mos kelib (+0,2 foiz), bozorda muayyan bir turg‘unlik emas, balki barqaror shakllangan talab mavjudligini ko‘rsatadi. Umumiy hisobda, yil boshidan beri (yanvar-avgust oylarida) O‘zbekistonda uy-joy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga o‘sib, 222,5 mingta bitimni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar sektorning umumiy hajmi kengayganini bildiradi.
Joriy yilning oylik dinamikasini tahlil qilar ekanmiz, bozor o‘zgarishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga duch kelamiz. Xususan, mart oyida bitimlar soni keskin ravishda 43,5 mingtagacha oshib, rekord ko‘rsatkichni qayd etgan edi. Biroq bunday keskin silkinishdan keyin tabiiy ravishda aprel–may oylarida faollik pasaydi. Shunga qaramay, yoz oylari — iyun-iyul davrida bozor yana jonlanib, oyiga 25–26 mingta bitimgacha tiklandi va avgust oyida ham aynan shunday barqaror ko‘rsatkich qayd etildi. Bu holat bozorning o‘zini-o‘zi boshqarish va muvozanatga kelish qobiliyati yuqori ekanligini anglatadi.
– Bozordagi umumiy tendensiyalar bilan bir qatorda, hududiy kesimdagi farqlar va drayverlarni ham alohida qayd etish lozim, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Latofat Bo‘riyeva. – Avgust oyida respublikadagi 14 ta hududdan faqatgina 6 tasida oldi-sotdi bitimlarining o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, asosiy savdo hajmi markazlarga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Toshkent shahrida 7,4 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘pdir. Umuman olganda, yil boshidan buyon (yanvar–avgust) poytaxtda uy-joy savdosi hajmi 27,5 foizga o‘sgan bo‘lib, investorlar va xaridorlar uchun Toshkent hamon eng jozibador hudud bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, markazdan tashqari hududlarda ham yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda: jumladan, Sirdaryo (25,4 foiz) va Andijon viloyatlarida (23,8 foiz) qayd etilgan yuqori ko‘rsatkichlar hududiy markazlarda ham ko‘chmas mulk bozori faollashib, urbanizatsiya va demografik omillar kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, joriy yilning o‘tgan davri tahlili O‘zbekiston uy-joy bozori o‘sish potensialini yo‘qotmaganini, balki spekulyativ tebranishlardan qutulib, barqaror rivojlanish fazasiga o‘tganini ko‘rsatmoqda. Olingan natijalar iqtisodiyotning diversifikatsiyasi, aholining daromadlari va qurilish sohasidagi davlat tomonidan ko‘rilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari o‘zaro uyg‘un holda ishlayotganini bildiradi. Kelgusida bozorning barqarorligini ta’minlash va narxlar muvozanatini saqlash uchun hududlarda infratuzilmani rivojlantirish hamda ipoteka bozorini yanada liberallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA