Bir kontur – bir mahsulot
Yurtimizda tomorqa madaniyatini shakllantirish, uni qo‘shimcha daromad manbaiga aylantirish borasida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Bugun aksariyat yurtdoshlarimiz tomorqa oila uchun rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai ekanligini yaxshi biladi.
Karmana tumanidagi Shibzon mahallasida yashovchi Xurshid Toshev o‘z mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelmoqda. U viloyat tashkilotlaridan birida faoliyat yuritsa-da, bo‘sh vaqtida tomorqasida mehnat qiladi.

Xurshid Toshev hovlisidagi yer maydonidan samarali foydalanishni maqsad qilgan. U mo‘’jazgina issiqxona barpo etib, unda pomidor yetishtirmoqda. Zamonaviy agrotexnika qoidalariga amal qilgan holda parvarishlanayotgan pomidorlar yuqori hosil berayotgani uning mehnati samarasidir.
Shu bilan birga, u ochiq maydonda kartoshka ekib, parvarishlab kelmoqda. Yerga o‘z vaqtida ishlov berish, sifatli urug‘ tanlash va to‘g‘ri sug‘orish tizimi orqali Xurshidjon har mavsumda yuqori hosil olmoqda.

– Insonda istak va intilish bo‘lsa, hatto cheklangan imkoniyatlarda ham katta natijalarga erishish mumkin, – deydi Xurshidjon. – Tomorqachilik nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki oila dasturxonini tabiiy va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, bu mehnat insonga zavq bag‘ishlaydi. 3 sotixlik issiqxonada yiliga 3-4-marta ekin ekib olaman. Yanvar oyi boshlarida ko‘kat ekkandim. Yaxshigina daromad oldim. Hozir pomidor ekkanman. Hosilga kirib boshlagan. 6-7 tonna hosil olishni rejalashtirganman. Keyinchalik bodring, undan keyin esa rediska ekaman. Xullas, tomorqadan unumli foydalangan insonning daromadi yaxshi, dasturxoni to‘kin bo‘ladi.
Karmana tumani Shibzon mahallasida “Navoiy viloyatida aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida ertangi ekinlarni ekish va parvarishlash” bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda ishtirok etgan viloyat hokimi Normat Tursunov ham Xurshid Toshevning tomorqada olib borayotgan ishlarini alohida e’tirof etdi.

“Shibzon tajribasi” bilan tanishish maqsadida viloyatdagi mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda tegishli mas’ullar ishtirok etgan tadbirda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namuna ko‘rsatib kelayotgan, tomorqadan unumli foydalangan bir guruh xonadon egalari taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, tomorqadan unumli foydalanish aholi daromadlarining oshishiga va turmush tarzini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bermoqda. Shibzon mahallasida istiqomat qilayotgan tomorqa egalari tomonidan olib borilayotgan ishlar esa bunga yaqqol misoldir.

– Hududimiz dehqonchilik va issiqxonachilikka ixtisoslashgan hududlardan hisoblanadi, – deydi mahalla raisi Abdullo Ergashev. – Bugungi kunda mahallada 1126 ta xonadonda 5481 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Xonadonlarga qarashli tomorqa yerlari 115,5 gektarni tashkil etadi. Aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish orqali o‘z daromadlarini oshirmoqda. Ayni paytda mahallamizdagi 200 ga yaqin xonadonda issiqxonalar mavjud bo‘lib, bir mavsumda 4 marotabagacha hosil olinmoqda. Har mavsumda 100-200 million so‘m atrofida daromad qilinadi. Shuningdek, 100 gektar maydon 390 nafar ishsiz yoshlarga bo‘lib berilgan.
Seminar ishtirokchilari xonadonlarda bo‘lib, yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni yanada oshirish borasida o‘zaro tajriba almashdi.
A. Bo‘riyev, O‘zA