“Jasorat uchqunlari” – vatanparvar yoshlar maydoni
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, ularning jismoniy hamda ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
“Jasorat maktabi” o‘quvchilari ishtirok etgan mazkur musobaqa “Mardlik, bilim va sadoqat” shiori ostida tashkil etildi. Unda yoshlarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki bilim, chaqqonlik, intizom va jamoaviylik ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi.
Musobaqaning dastlabki bosqichlaridanoq ishtirokchilar saf tayyorgarligi, tezkorlik va chaqqonlikni talab etuvchi shartlarda faol qatnashib, o‘zlarining matonati va shijoatini namoyon etdi. Ayniqsa, saf mashqlari jarayonida intizom, birdamlik va jamoa ruhining yaqqol ko‘zga tashlangani bellashuvlar ahamiyatini yanada oshirdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida jamoalar o‘zaro kuch sinashib, munosib natijalarni qayd etdi. Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, Koson tumani 33-maktab jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Chiroqchi tumani 105-maktab jamoasi 2-o‘rinni, Qarshi tumani 52-maktab jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan tantanali ravishda taqdirlandi.
[gallery-28835]
Ta’kidlash joiz, bunday musobaqalar yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga sadoqat, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Jasorat uchqunlari” esa ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda samarali maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA