Beshariqning yangi bog‘lari (+video)
Beshariq so‘nggi yillarda nafaqat Farg‘ona viloyati, balki mamlakatning iqtisodi baquvvat hududiga aylandi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalar rivoj topdi. Tadbirkorlari dunyo bozoriga chiqishdi.
Ammo Beshariqning yana bir hududiy ramzi bor. Bu uning bepoyon o‘rik bog‘lari, sarxil, mazasi hech yerda yo‘q o‘rik va quruq mevalaridir. Bugun Beshariqning quritilgan o‘riklari Italiyadan to Polshagacha, Quvaytdan to Saudiyagacha yetib bordi. Shunga qaramay Beshariqda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi o‘rikchilikda ham tinmay izlanadilar. Mana endi “Farg‘onaagrostar” tashkilotchiligida Turkiyaning “Favorin” kompaniyasidan pakana bo‘yli, tezpishar, serhosil navli o‘rik ko‘chatlarini olib kelishdi. Yer tayyorlandi. Tomchilatib sug‘orish jihozlari hozirlandi. Suv havzasi qurildi. Elektr tortib kelindi. Ko‘chat o‘rinlari 5 metrga 3 metr joylashuvda qazildi. Ko‘chatlar esa sovuqxonada saqlab turildi. Ya’ni u uyg‘onishiga yo‘l berilmadi. Nihoyat kutilgan kun keldi. Tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, oqsoqollar, bog‘bonu yosh mutaxassislar duoga qo‘l ochib, yaratgandan xayrli ishga baraka tiladilar. Ko‘chatlar birin-ketin yerga qadala boshlandi.


– Turkiyalik agronomlar tavsiyasi bilan shu hududdan 35 gektar yer sotib oldik, – deydi “Farg‘onaagrostar” MCHJ direktori Sardor Nomonov. – Bu yerga Hojixalilo‘g‘li va Kabashi navli o‘rik ko‘chatlari ekilyapti. Ular quritilganda 2,5 kilogramm ho‘l mevadan 1 kilogramm turshak chiqadi. Mahalliy o‘riklarimizdan esa 25 foiz turshak chiqardi, xolos.

– Aslida O‘zbekiston, Farg‘ona quruq mevalari dunyo bozoridan mustahkam joy olayotgani bizga ma’lum, – deydi “Favorin” kompaniyasi rahbari Birkan Buyuukkupeli. – Biz keltirgan o‘rik navlarining mevasi shaklan ulkanligi, quritilganida esa ko‘rkamligi bilan ajralib turadi. Bu bog‘ kelgusi yiliyoq meva beradi. Uch yilda har tupidan o‘rtacha 5 kilogrammdan hosil olish mumkin. Biz uch yil davomida agronomlik xizmatini ko‘rsatamiz.

Tajribali bog‘bonlar ko‘chatning “ota-onasi”, ya’ni kelib chiqishini avvalroq obdon surishtirgandilar. O‘q tomir va gujum tomirlarni bir-bir ko‘rib chiqdilar. Ko‘ngillari to‘lgach, o‘zlari ham paykalga tushib ketishdi. Ularning kayfiyatidan ko‘chatga ishonch bildirishganini sezish mumkin edi. Zero, ilgarilari Adirobod qirlari poyiga ekilgan ko‘chat va sharoitdan ko‘ngillari to‘lmagan.

– Adirobodda yer o‘ta sho‘r, shag‘al va toshliq. U kunora suv qo‘yishni talab qilardi,– deydi faxriy agronom Maxsutali Sultonov. – Bu yerdan umidimiz juda katta. Turkiya usulida ekilgan o‘riklardan yuqori hosil olish mumkin. 3 yildan keyin u aholiga sotiladigan bo‘lsa, har bir o‘g‘limga 2 gektardan o‘rikzor bog‘ini sotib olamiz.

“Farg‘onaagrostar” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu kabi serhosil va sarxil ko‘chatlarni viloyatning boshqa tumanlariga ham olib kelmoqchi.

– Bundan tashqari, O‘zbekiston tumanida 100 gektar yer auksion savdolariga chiqarildi. U yerda ham huddi shunday o‘rik bog‘larini tashkil qilamiz. Farg‘ona tumanida 2 gektar yerda 50 milliard so‘mlik loyihani amalga oshiryapmiz. U o‘rikni qayta ishlash, qadoqlash, saqlashni o‘zi ichiga oladi.
Beshariqning chegaraoldi, suv ta’minoti muammoli, ammo bo‘liq yerlarida yangi boqqa asos solindi. Zamonaviy texnologiya – tomchilatib sug‘orish tizimi hali bu yerlardan mo‘l hosil olishga zamin bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Sy-SnTnllhQ" title="Beshariqning yangi bog`lari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA