Jahon avtosanoatida Xitoy yetakchilikka chiqmoqda
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan chuqur transformatsiya jarayonlari sanoat tarmoqlarida ham yangi tendensiyalarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil sanoatida yetakchilik uchun kurash yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha Xitoy dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi va sotuvchi mamlakat sifatida birinchi o‘ringa chiqdi. Shu tariqa, qariyb yigirma yildan ortiq vaqt davomida yetakchilikni saqlab kelgan Yaponiya bu mavqeni boy berdi.
Manbalarda qayd etilishicha, 2025-yilda yapon avtomobil ishlab chiqaruvchilarining jahon bo‘yicha umumiy sotuvlari taxminan 25 million dona atrofida shakllangan bo‘lsa, xitoylik ishlab chiqaruvchilar bu ko‘rsatkichni 27 millionga yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarish oddiy reyting almashinuvi emas, balki global avtosanoatda ta’sir doiralarining qayta shakllanayotganidan dalolat beradi.

Ayniqsa, Xitoyning yetakchilikka chiqishida yangi energiya manbalariga asoslangan transport vositalari ishlab chiqarish va eksport qilish hajmining keskin oshgani muhim omil bo‘lmoqda. 2025-yilda bunday avtomobillar eksporti 3,4 million donadan oshib, umumiy eksportning qariyb yarmini tashkil etgani qayd etilmoqda.
Bu esa tarmoqda sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini, ya’ni miqdordan sifatga o‘tish jarayoni jadallashganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Xitoy avtosanoatida moliyaviy barqarorlik ham mustahkamlanmoqda. Ilgari katta sarmoya talab etgan elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar endilikda foyda olish bosqichiga o‘tayotgani kuzatilmoqda. Bu esa tarmoqda iqtisodiy samaradorlikning oshganidan dalolat beradi.
Ta’minot zanjiri ishtirokchilari faoliyati ham yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. Jumladan, akkumulyator ishlab chiqarish sohasidagi yirik korxonalar yuqori daromad ko‘rsatkichlarini qayd etmoqda. Shuningdek, dasturiy ta’minot va raqamli xizmatlar ham avtosanoatda yangi daromad manbaiga aylanyapti.
Ayni paytda an’anaviy avtosanoat gigantlari – Yevropa, AQSH va Yaponiya kompaniyalari yangi sharoitlarga moslashishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ayrim kompaniyalar elektr transport segmentida zarar ko‘rayotgan bo‘lsa, boshqalari bozor ulushini saqlab qolish uchun narx siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu holat o‘z vaqtida qabul qilinmagan strategik qarorlar bilan ham izohlanadi.
Xitoyda esa ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarmoya kiritish hajmi izchil ortib bormoqda. Yirik kompaniyalar tomonidan milliardlab mablag‘larning innovatsiyalarga yo‘naltirilishi kelgusida texnologik ustunlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bu jarayonlar fondida jahon avtosanoatida raqobat mazmuni ham o‘zgaryapti. Endi avtomobil oddiy transport vositasi emas, balki raqamli va intellektual texnologiyalar mujassamlashgan kompleks mahsulotga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston uchun ham mazkur tendensiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va innovatsiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari bu borada yangi imkoniyatlar ochmoqda. Avtomobilsozlik, elektr transport, akkumulyator texnologiyalari va raqamli yechimlar sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘layotir.
Xulosa qilib aytganda, Xitoyning jahon avtosanoatida yetakchilikka chiqishi yangi global raqobat davrini boshlab bermoqda. Bu esa barcha mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ham zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, xalqaro kooperatsiyani kuchaytirish va milliy sanoatni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA