“Besh yil — besh qadriyat — yangi marralar sari”
Samarqand davlat pedagogika instituti tashkil etilganiga besh yil to‘lishi munosabati bilan keng qamrovli bayram tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy festival o‘tkazildi.
Besh yillik faoliyat sarhisobiga bag‘ishlangan tadbirlar institutning bugungi qiyofasi, amalga oshirilayotgan loyihalar, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalarni namoyon etgan festival bilan boshlandi. Fakultetlar tomonidan ko‘rgazmalar, tasviriy san’at namunalari, ijodiy ishlanmalar, milliy an’analar va talabalar iste’dodini aks ettiruvchi namoyishlar tashkil etildi. “Zakovat” intellektual o‘yini hamda sport musobaqalarida talaba-yoshlarning bilim va tafakkuri, ijodiy salohiyati hamda faolligi namoyon bo‘ldi.
– Samarqand davlat pedagogika institutining besh yillik faoliyati izlanish, mehnat, bunyodkorlik va izchil taraqqiyot bilan kechgan muhim davrdir, – deydi institut rektori, professor Shahzoda Negmatova. – Qisqa vaqt ichida institut pedagog kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va talabalar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish borasida salmoqli natijalarga erishdi. 2021/2022 o‘quv yilida 2350 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2026/2027 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 10182 nafarga yetdi. Yangi o‘quv yilida 2449 nafar talaba o‘qishga, jumladan, 175 nafari magistraturaga qabul qilindi. O‘tgan o‘quv yilida institutni bitirgan 3157 nafar yoshlarning 3085 nafari ishga joylashdi.
Bugungi kunda institutda 452 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat 2021-yildagi 19,7 foizdan 37,6 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich institutda ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlarning amaliy natijasidir.
Institutning xalqaro aloqalari ham besh yil davomida sezilarli darajada kengaydi. 2022-yilda 8 ta bo‘lgan xalqaro hamkorlik shartnomalari va memorandumlari soni bugunga kelib 64 taga yetdi. Besh yil davomida institutning moddiy-texnik bazasi ham bosqichma-bosqich mustahkamlandi. Talabalar turar joylari soni 3 tadan 5 taga, ulardagi o‘rinlar soni 1250 tadan 2050 taga yetkazildi. O‘quv binolari 7 tadan 9 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 3080 tadan 3780 taga oshdi.
[gallery-31805]
Besh yillik sana munosabati bilan institut axborot xizmati qoshida media studiya tashkil etildi. Mehmonlarga studiyaning zamonaviy texnik jihozlari, videomaterial va media mahsulotlarini tayyorlash imkoniyatlari, videodarslar yaratish hamda ta’lim jarayonini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yoritish uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etildi.
Tadbir davomida institutning bir guruh professor-o‘qituvchilariga “Xalq ta’limi a’lochisi” va “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari