Bayram yarmarkalarida mahsulotlar arzonmi? (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik to‘yini munosib kutib olish va aholiga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida poytaxt bozorlarida ham bayramoldi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. Respublikamiz hududlarida nozu-ne’matlar saralab olinib, eng yaxshilari xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinyapti.
Bugun nafaqat bozor ma’muriyati, balki Respublika fermerlar kengashi ham bozorlarimiz to‘kin bo‘lishiga katta hissa qo‘shmoqda. Masalan, Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar dehqon bozori” AJ hududida ayyom oldidan rastalar bayramona bezatildi, maxsus sahnalar o‘rnatilib, konsert dasturlariga sharoit hozirlandi. Bu yerda usti yopiq o‘rindiqlarda hordiq chiqarib, jonli konsert dasturlarini maza qilib tinglash mumkin. Shuning o‘zi bayram shukuhini yanada oshiradi.
Shu bilan birga Buxoro viloyati dehqonlarining ham poytaxt aholisiga o‘z bayram tuhfasi bor. Xalqimizga meva-sabzavotlarni “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida tezkor yetkazib berish uchun fermer dalasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelishga transport vositalari jalb qilinib, mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda har kuni bozor rastalariga chiqarilmoqda. Bozor ma’muriyati ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Buning uchun 24 ta bayram rastalari hozirlandi. Shuningdek, yil davomida tashkil etilgan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi faoliyati ham narxlar barqarorligiga xizmat qilmoqda.
Mahsulotlarda uzilish bo‘lmasligi va poytaxtliklarning bayram dasturxoni to‘kis bo‘lishi va narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Bosh Prokuratura departamenti tashabbusi bilan oziq-ovqat ta’minoti zaxirasi yaratildi. Bozor omborlarida shu kechayu-kunduzda 30 tonna kartoshka, 20 tonna piyoz, 10 tonna guruch, shakar va yog‘ kabi xalq iste’moliga zarur bo‘lgan barcha oziq-ovqat mahsulotlari zaxira qilinib, peshma-pesh rastalarga chiqarilmoqda.
Mazkur yarmarkalar orqali bobodehqon tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, aholi ehtiyoji uchun zarur asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi mahsulotlar xaridorlarga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.
Bayram tadorigi bilan yurgan xaridorlar va sotuvchilarning fikrlari bilan qiziqdik. Ular arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari faoliyatidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Aholi ehtiyojiga qarab, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma qilingani ham narxlarga ijobiy ta’sir qilmoqda. Xullas, xalqimiz kayfiyatini ko‘tarish, bayramni ko‘tarinki ruxda, munosib kutib olish maqsadida tashkil etilgan bayram yarmarkalari barcha hududlarda, aholi uchun qulay joylarda davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5O6AtOK93TA" title="Bayram yarmarkalarida mahsulotlar arzonmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA