O‘zbekiston mustaqilligi: an’analar va zamonaviylik, barqarorlik va yangilanish, bugungi kun va kelajak
Mustaqillik O‘zbekiston xalqining asosiy boyligi va yutug‘idir.
Bu yil ko‘p millatli Vatanimiz fuqarolari bosh milliy bayramimiz - Mustaqillik kuni, suveren davlatimiz - "O‘zbekiston Respublikasi" tashkil topganining 35 yilligini nishonlaydi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi. O‘zbekiston tarixan qisqa muddat ichida o‘z xalqi uchun yuqori turmush darajasini ta’minlashga, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan gullab-yashnayotgan iqtisodiyotga, tashqi siyosatda teng huquqli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga, jamiyat va har bir fuqaro uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga intilayotgan jadal rivojlanayotgan davlatga aylandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taraqqiyotimizning yangi bosqichi - Yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi. So‘nggi yillarda global o‘zgarishlar yuz berib, mamlakatda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, ma’naviy-madaniy jihatdan mutlaqo yangi muhit shakllandi, milliy manfaatlarni ta’minlash, mamlakatda hayot darajasi va sifatini oshirish borasida muhim natijalarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi nafaqat muhim tarixiy sana, balki mamlakat bosib o‘tgan yo‘lni anglash uchun muhim marra hamdir. Shu yillar davomida O‘zbekiston suveren davlat sifatida shakllanish va rivojlanishning keng ko‘lamli bosqichini bosib o‘tdi, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishning o‘z modelini shakllantirdi, davlatchilik institutlarini mustahkamladi, yangi iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi, shuningdek, kelgusi o‘zgarishlar uchun zamin yaratdi. Mustaqillik mamlakat uchun shunchaki bir siyosiy voqelik emas, balki mustaqil rivojlanish, milliy o‘z taqdirini o‘zi belgilash, jamiyatni jipslashtirish va hayotning barcha sohalarida keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishning mustahkam poydevoriga aylandi.
O‘zbekiston uchun mustaqillik nafaqat siyosiy-huquqiy, balki chuqur ijtimoiy mazmunga ham ega, chunki u rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini mustaqil belgilash imkoniyatlarini ochib berdi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha tartibda yo‘lga qo‘yish imkonini yaratdi, ijtimoiy adolat, ijtimoiy ishonch, milliy o‘zlikni anglash, avlodlarning davomiyligi masalalarini dolzarblashtirdi. O‘tgan o‘n yilliklar davomida mustaqillik nafaqat davlat miqyosidagi voqelikka, balki ijtimoiy hayotning ajralmas qismiga aylandi, uning doirasida mamlakat kelajagi, davlatning roli, vatanparvarlik, erkinlik, farovonlik va o‘zini o‘zi namoyon etish imkoniyatlari haqida fuqarolarning tasavvuri shakllandi.
35 yil davomida mustaqillik tarixiy xotira va mamlakatning o‘tmishi, buguni hamda kelajagi haqidagi jamoaviy tasavvurning bir qismiga aylandi. Aynan shuning uchun ham uni anglash nafaqat tarixiy, siyosiy yoki iqtisodiy tahlilni, balki fuqarolar ongida mustaqillik qanday o‘rin tutayotgani va unga qanday ma’no-mazmun yuklanayotganini anglashga imkon beradigan jamoatchilik fikriga murojaat qilishni taqozo etadi.
Zamonaviy sharoitda jamoatchilik fikri sotsiologiyasining ahamiyati sezilarli darajada ortib bormoqda. Chunki jamiyat dinamik tarzdagi o‘zgarishlarga tobora ta’sirchan bo‘lib, sodir bo‘layotgan jarayonlar muhokamasiga yanada faolroq qo‘shilmoqda. Bunday sharoitda davlat uchun nafaqat qarorlar qabul qilish va islohotlarni amalga oshirish, balki ularning aholi tomonidan qanday idrok etilayotgani, jamiyatda qanchalik qo‘llab-quvvatlanayotgani va odamlarning turmush sifatini haqiqatan ham yaxshilashga olib kelmoqdami yoki yo‘qmi, ekanini anglash ham muhimdir.
O‘zbekiston uchun bunday yondashuv, ayniqsa, so‘nggi yillardagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida dolzarb hisoblanadi. Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichi davlat boshqaruvi mexanizmlarini yangilash, institutlarning ochiqligini oshirish, fuqarolar uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi qaytar aloqani mustahkamlash sari intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘li bilan ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning muhim yo‘nalishi sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan islohotlarga «Inson qadri uchun» tamoyili asos qilib olingan bo‘lib, unga ko‘ra inson, uning huquqlari, manfaatlari va farovonligiga davlat siyosatining oliy qadriyati sifatida qaralmoqda. Ushbu tamoyilning amaliy ifodasi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan va 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topgan.
O‘zbekistonning zamonaviy tarixida so‘nggi o‘n yillik davri, eng avvalo, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng 2016-yildan boshlab amalga oshirilayotgan islohotlar alohida o‘rin tutadi. Bu bosqich ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan ajralib turadi va mamlakat taraqqiyotining yangi davrini boshlab berdi. U davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat institutlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini kengaytirish, davlat va jamiyat hamkorligi mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni faollashtirish bilan bog‘liqdir. Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirish masalalariga e’tibor sezilarli darajada oshdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning strategik xususiyatini qayd etib, islohotlar - bu qisqa muddatli kampaniya emas, balki izchil va ortga qaytmas jarayon ekanini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Davlatimiz rahbari har qanday barqaror o‘zgarish vaqtni, davlatdan tortib to har bir fuqarogacha bo‘lgan barcha ishtirokchilardan izchillik va mas’uliyatni talab qilishini ta’kidladi.
Bugungi kunda islohotlarning samaradorligi nafaqat ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami bilan, balki ularning natijalari odamlar uchun qanchalik sezilarli bo‘layotgani, turmush sifatini oshirishga qanday xizmat qilayotgani va fuqarolarning haqiqiy ehtiyojlariga nechog‘lik javob berayotgani bilan aniqlanishi haqidagi tasavvur jamoatchilik ongida tobora yaqqol mustahkamlanmoqda. Shu nuqtai nazardan, «inson manfaatlari» kategoriyasi real mazmun bilan boyitilib, o‘zgarishlarning muvaffaqiyatini baholashda asosiy mezonlardan biriga aylandi.
Shu bilan birga, “adolat”, “jamoatchilik muloqoti”, “fuqarolik faolligi”, “aholining ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki” kabi kategoriyalarning ahamiyati yanada oshdi.
Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi islohotlarni nafaqat izchil amalga oshirish, balki fuqarolarning mamlakat hayotidagi ishtiroki uchun imkoniyatlarni kengaytirishni ham nazarda tutadi. Shu boisdan ham sodir bo‘layotgan jarayonlarga odamlarning qanchalik jalb etilgani, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga qanchalik ishonishi va ularning amaliy natijalarini o‘zining kundalik hayotida his etayotganini tushunish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu nuqtai nazardan, jamoatchilik fikri jamiyatning holati va amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu jarayonlarda O‘zbekistonda an’anaviy ravishda ijtimoiy jihatdan o‘zini o‘zi tashkil etishning insonga eng yaqin shakllaridan biri bo‘lib qolayotgan mahalla alohida o‘rin tutadi. Aynan mahalla darajasida odamlarning haqiqiy ehtiyojlari ko‘p jihatdan namoyon bo‘ladi, o‘zaro yordam va kundalik hamkorlik amaliyoti shakllanadi. So‘nggi yillarda mahallaning nafaqat mahalliy hamjamiyat, balki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, dolzarb muammolarni aniqlash, aholi va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir tizimining muhim bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun jamoatchilik fikrini va jamoatchilik kayfiyatini mahalla miqyosida o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ijtimoiy aloqalarni yanada mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvorligini aks ettiradi. Ushbu qadam mamlakat barqarorligi ishonch, o‘zaro yordam va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi shakllanadigan mahalliy hamjamiyatlardan boshlanishining tan olinishini anglatadi.
Prezident zamonaviy O‘zbekistonda mahalla shunchaki bir ma’muriy birlik emas, balki fuqarolar hayotining muhim markazi, fuqarolik faolligi va mahalliy hamjamiyatga mansublikni namoyon etish maskani ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Aynan shu yerda aholining tashabbuslari tug‘iladi, ishonch va o‘zaro yordam munosabatlari mustahkamlanadi, fuqarolik faolligi rivojlanadi, natijada an’anaviy qadriyatlar va rivojlanishning yangi imkoniyatlari uyg‘unligiga asoslangan zamonaviy ijtimoiy muhit shakllanadi.
“Barchamiz uchun ham ota, ham ona bo‘lgan mahallaga, shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut avvalo ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi”, - dedi davlat Rahbari. Mazkur fikr asosida jamiyatning transformatsiyasi yuqoridan emas, balki ichidan boshlanishi haqidagi konseptual yondashuv yotadi.
Mustaqillikning 35 yilligini idrok etish doirasida jamoatchilik fikri sotsiologiyasiga murojaat qilish ushbu sanani nafaqat tarixiy yubiley, balki natijalarni ijtimoiy sarhisob qilish lahzasi sifatida ham ko‘rib chiqish imkonini beradi, chunki bu mamlakat bosib o‘tgan yo‘lni fuqarolar qanday baholashini, qanday o‘zgarishlarni eng muhim deb hisoblashini, ular uchun qaysi qadriyatlar alohida ahamiyatga ega ekanligini, O‘zbekistonning buguni va kelajagini qanday idrok etishini anglash imkonini beradi.
Aynan shuning uchun ham nafaqat mustaqillik mavzusi, balki mamlakatda suveren taraqqiyot davrida, ayniqsa, so‘nggi yillarda yuz bergan jarayonlarni ijtimoiy idrok etish ham muhimdir.
Shuni ta’kidlash kerakki, jamoatchilik fikri ijtimoiy hayotning asosiy sohalari tahlili orqali ko‘rib chiqiladi, ularda aholi qadriyatlari, turli ijtimoiy guruhlarning qarashlari va mamlakatda sodir bo‘layotgan jarayonlarga berilgan baholar yaqqol namoyon bo‘ladi.
Tahlilning muhim sohasi jamiyatning qadriyatlar tizimi hisoblanadi. Qadriyatlar tizimi odamlarning to‘g‘ri, muhim va ahamiyatli narsalar to‘g‘risidagi tasavvuri nimalarga asoslanganligini, ular nimalarni barqaror hayotning asosi deb hisoblashini, qaysi hayotiy andazalar o‘z kuchini saqlab qolayotgani, qaysilari esa yangi sharoitlar ta’sirida o‘zgarayotganini tushunishga imkon beradi. Qadriyatlarni o‘rganish orqali ijtimoiy ongda an’ana va zamonaviylik, barqarorlik va yangilanish, shaxsiy manfaatlar va jamoaviy mas’uliyat, moddiy talablar va axloqiy mo‘ljallar qanday mujassamlashuvini ko‘rish mumkin. Aynan shuning uchun ham qadriyatlar tizimining tahlili ijtimoiy taraqqiyotning ichki asoslarini chuqurroq tushunishga yordam beradi.
Yoshlar o‘zgarishlarga eng ta’sirchan ijtimoiy guruhlardan biri sifatida tadqiqotlarning alohida mavzusi hisoblanadi. Mamlakat aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etishi va O‘zbekistonda eng muhim insoniy salohiyat hisoblanishi ham bu masalaga alohida ahamiyat xususiyatini beradi. Yosh avlod, ayniqsa, ta’lim, bandlik sohasi, raqamli muhit va ijtimoiy hayotda sodir bo‘layotgan jarayonlarga juda tezkor munosabat bildiradi. Shu bilan birga, yoshlar nafaqat yangi sharoitlarga eng ta’sirchan guruhni, balki yaqin o‘n yilliklarda mamlakatning qiyofasini belgilaydigan avlodni ham tashkil etadi. Uning hayotiy rejalari, davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonch darajasi, adolat, vatanparvarlik, shaxsiy muvaffaqiyat va davlatning roli haqidagi tasavvuri orqali ko‘p jihatdan ijtimoiy rivojlanish tendensiyalari va mamlakat istiqbollari haqida fikr yuritish mumkin.
Sotsiologik tahlilda zamonaviy O‘zbekistonning rivojlanishi bo‘yicha jamoatchilik baholari alohida o‘rin tutadi. Uning ahamiyati mamlakatda sodir bo‘layotgan jarayonlarni fuqarolarning nigohi bilan ko‘rish, amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi qanday idrok etayotganini, hayotning turli sohalaridagi o‘zgarishlarni qanday baholayotgani va mamlakat kelajagini qanday tasavvur qilayotganini tushunish imkonini berishi bilan belgilanadi. Odamlarning o‘z hayotidan qanchalik qoniqishi, ertangi kunga ishonchni his qilishi, davlat tuzilmalariga ishonishi va mamlakatning ertangi rivojlanish istiqbollarini qanday baholashini tushunish ham g‘oyat muhimdir. Aynan mana shu baholarning majmui aholining ijtimoiy kayfiyatini va jamoatchilik kayfiyatining xarakterini chuqurroq tushunishga imkon beradi.
Shunday qilib, qadriyatlar, yoshlar va mamlakat taraqqiyotiga jamoatchilik baholari mustaqil mavzular sifatida emas, balki jamiyatning holatini va uning rivojlanishidagi asosiy yo‘nalishlarni chuqurroq anglash imkonini beruvchi o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlar sifatida ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar jamiyat hayotining ko‘plab tomonlarini sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Shu tufayli ham fuqarolarning o‘zi sodir bo‘layotgan jarayonlarni qanday baholashi, qaysi natijalarni eng muhim deb hisoblashi va qanday o‘zgarishlar ularning kundalik hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatayotganini o‘rganish, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyot yo‘lini mamlakat aholisi qanday tasavvur qilishini anglashning ahamiyati ham bundan kam emas. Erishilgan natijalarga berilgan baholarni kelajak haqidagi tasavvurlar bilan taqqoslash nafaqat ijtimoiy ongning hozirgi holatini qayd etish, balki fuqarolar mamlakat kelajagini bog‘layotgan asosiy mo‘ljallarni aniqlash imkonini beradi.
Ko‘p yillik sotsiologik tadqiqotlarning natijalari ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha aholining qarashlari va baholarining keng ko‘lamini aks ettiradi. Ularning tahlili mustaqillik yillarida mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlar manzarasini ushbu jarayonlarni fuqarolarning o‘zi qanday idrok etayotgani haqidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirish imkonini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanayotgan yilda, ayniqsa, bunday tahlilning dolzarbligi yanada ortadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori alohida ahamiyat kasb etadi, unda mustaqillik yubileyiga nafaqat unutilmas sana, balki muhim ijtimoiy va ma’naviy marra sifatida qaralmoqda. Hujjat amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, aholi farovonligining o‘sishi, milliy qadriyatlarni rivojlantirish, fuqarolik faolligini mustahkamlash, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yoshlar, ayollar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga e’tibor qaratgan holda mamlakat bosib o‘tgan yo‘lni to‘la-to‘kis anglashning keng doirasini belgilaydi.
Farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar jamiyat hayotining deyarli barcha darajalarini - respublika darajasidan tortib, to mahalliy darajagacha, jumladan, mintaqalar, shaharlar, tumanlar va mahallalarni qamrab olgani keng jamoatchilik ishtiroki va fuqarolarni jalb etishga intilishni ta’kidlaydi. Yubileyni nishonlash doirasida ko‘plab ilmiy va ijtimoiy tadbirlarning, jumladan, mustaqil O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning o‘tkazilishi ham alohida ahamiyatga egadir, bu erishilgan natijalar va mamlakatni yanada rivojlantirish istiqbollarini har tomonlama, jumladan, ilmiy jihatdan talqin etishga intilishdan dalolat beradi.
Mustaqillikning 35 yilligi - nafaqat sarhisob uchun, balki mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakat bosib o‘tgan yo‘lning mazmun-mohiyatini anglash, amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijalarini baholash va O‘zbekiston jamiyatining bugungi holatini yaxshiroq tushunish uchun imkoniyat ham. Shu ma’noda, sotsiologik tadqiqotlar ma’lumotlariga murojaat etish qanday jarayonlar va hodisalar fuqarolarda ko‘proq aks-sado berayotgani, qanday qadriyatlar o‘z ahamiyatini saqlab qolayotgani va mamlakatning zamonaviy bosqichdagi rivojlanishini aholi qanday baholayotganini ko‘rish imkonini beradi.
Monitoring tadqiqotlarining natijalari zamonaviy O‘zbekiston jamiyati ijtimoiy barqarorlikning yuqori darajasi, mamlakatda sodir bo‘layotgan jarayonlarga ijobiy baholarning ustunligi va amalga oshirilayotgan islohotlar kursining qo‘llab-quvvatlanishi bilan tavsiflanishini ko‘rsatmoqda. Aksariyat fuqarolar so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni turmush sifatining yaxshilanishi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va bandlik sohalaridagi imkoniyatlarning kengayishi bilan bog‘lashdi. Jamoatchilik ongida mamlakatning yanada rivojlanishiga ishonch saqlanmoqda, umuman olganda, kelajak ijobiy idrok etilmoqda.
Ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, islohotlar aholi tomonidan nafaqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki institutsional o‘zgarishlar orqali, balki, eng avvalo, odamlarning kundalik hayotiga ularning ta’siri orqali baholanadi. Islohotlarning natijalari fuqarolarning farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan hamda shaxsiy va oilaviy rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgan yo‘nalishlar eng yuqori baholandi.
Tadqiqotlar natijalarining ko‘rsatishicha, jamiyat taraqqiy etgan sari davlat boshqaruvi sifatiga, davlat hokimiyati organlari ishining samaradorligiga va amalga oshirilayotgan siyosatning amaliy natijalariga fuqarolarning talablari ortib bormoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, aholi korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat tuzilmalari faoliyati natijadorligini oshirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va mintaqalarni ko‘proq bir maromda rivojlantirish masalalariga tobora e’tibor bilan qaramoqda, bu esa islohotlarni asosan miqdoriy baholashdan ularning samaradorligiga ko‘proq mazmun-mohiyatiga asosan baho berishga bosqichma-bosqich o‘tilayotganidan dalolat beradi.
Shunday qilib, O‘zbekistonda oqilona ijtimoiy nekbinlik modeli shakllanganligini ta’kidlash mumkin, bunda kelajakka ishonch boshqaruv sifati va amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga fuqarolar e’tiborining tobora ortishi bilan uyg‘unlashadi.
Fuqarolarning ijtimoiy ongida O‘zbekistonning mustaqilligi nafaqat davlat suverenitetini qo‘lga kiritish bilan bog‘liq o‘ta muhim voqea, balki mamlakatning rivojlanish imkoniyatlarini, aholi farovonligini va uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini belgilovchi fundamental ijtimoiy qadriyat sifatida idrok etiladi. Aksariyat o‘zbekistonliklar uchun mustaqillik siyosiy barqarorlik, tinch hayot, xavfsizlik, iqtisodiy o‘sish va milliy o‘ziga xoslikni saqlashning eng muhim asosi bo‘lib qolmoqda.
Shunisi xarakterliki, ijtimoiy ongda mustaqillikni idrok etish nafaqat tarixiy xotira, balki zamonaviy o‘zgarishlarni baholash bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Aholining kattagina qismi uchun so‘nggi yillardagi yutuqlar mustaqillik yillarida yaratilgan salohiyatning qonuniy davomi va rivojlanishi sifatida idrok etilmoqda. Shu nuqtai nazardan, mustaqillik fuqarolar tomonidan faqat erishilgan natija sifatidagina emas, balki davlatni rivojlantirish, uning institutlarini mustahkamlash va odamlar turmush sifatini oshirishning davom etayotgan jarayoni sifatida idrok etilmoqda.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongida mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga fuqarolarning daxldorlik hissi mustahkamlanmoqda. Aholi o‘zini tobora ko‘proq nafaqat kuzatuvchi, balki ijtimoiy rivojlanish jarayonlarining bevosita ishtirokchisi sifatida ham idrok etmoqda, bu esa ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarga qiziqishning ortishi, ijtimoiy muloqotda ishtirok etish talabi, dolzarb muammolar muhokamasida uning ovozini eshitishlariga intilishda namoyon bo‘lmoqda.
Jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari shuni ishonch bilan ta’kidlaydiki, davlat mustaqilligining 35 yilligi sanasiga O‘zbekiston eng muhim ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlab qolgan holda, yuqori darajadagi ijtimoiy hamjihatlik va mamlakatning yanada rivojlanishiga aholi katta qismining yuqori ishonch darajasi bilan yetib keldi. Aksariyat fuqarolar uchun mustaqillik nafaqat jamiyatni birlashtiruvchi eng muhim qadriyat, balki hozirgi o‘zgarishlar va davlatni yanada rivojlantirishning real asosi bo‘lib qolmoqda.
Zamonaviy O‘zbekiston jamiyatining o‘ziga xos xususiyati an’anaviy qadriyatlarga sodiqlikni yangilikka ochiqlik bilan, barqarorlikka intilishni islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan, vatanparvarlikni turmush sifati va davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirishdan manfaatdorlik bilan mujassamlashtirish hisoblanadi. Aynan ushbu xususiyatlar hozirgi bosqichda mamlakatda shakllangan ijtimoiy muhitni ko‘p jihatdan belgilab beradi. Yangi O‘zbekiston konsepsiyasini amalga oshirish sharoitida bu kelgusida yanada rivojlanish, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlash va respublikani izchil rivojlantirish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratadi. Mamlakat fuqarolarining aksariyatiga o‘z mamlakati, o‘z xalqi va O‘zbekistonning kelajagi qanday bo‘lishi uchun mas’uliyat hissi xosdir. Mamlakat fuqarolari mustaqillik va erkinlik, tinchlik va osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va milliy hamjihatlik naqadar muhimligini anglaydilar.
Nigina Rahimova,
“Ijtimoiy fikr” RJFO‘M
direktori, i.f.d.