Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi InfoCards tizimi ishga tushirildi
Bank kartasi bloklanganda fuqaro uchun eng dolzarb savol — cheklov kim tomonidan va nima sababdan qo‘yilganini bilish. Endi bu ma’lumotni aniqlash uchun turli tashkilotlarga murojaat qilishga ehtiyoj kamayadi.
Markaziy bank, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlari o‘rtasida InfoCards axborot almashinuvi tizimi joriy etildi. Yangi tizim orqali bank kartasi huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan bloklangan holatlarda cheklov haqidagi asosiy ma’lumotlarni tezkor aniqlash imkoni paydo bo‘ldi. Jumladan, kartani qaysi organ bloklagani, bloklash qachon amalga oshirilgani va qanday sababga ko‘ra cheklov qo‘yilgani ma’lum bo‘ladi.
E’tiborli jihati shundaki, buning uchun fuqaroning Markaziy bankka alohida murojaat qilishi talab etilmaydi. Karta egasi o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilishi kifoya. Bank InfoCards tizimi orqali tegishli ma’lumotlarni aniqlab, mijozga kartaning bloklanishi sababi yuzasidan tushuntirish beradi.
Bu mexanizm, avvalo, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish va ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga qaratilgan. Biroq InfoCards kartani avtomatik ravishda blokdan chiqarish vositasi emas. Tizimning asosiy vazifasi — cheklov haqidagi ma’lumotni aniqlash va fuqaroga yetkazish. Kartani blokdan chiqarish masalasi esa uni bloklagan vakolatli organning tegishli qarori va amaldagi tartib asosida hal etiladi.
Yangi tizimning joriy etilishi bank xizmatlaridan foydalanishda axborot ochiqligi va tezkorligini oshirish, fuqarolarning vaqtini tejash hamda bank-mijoz munosabatlarida qulaylikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Endilikda karta bloklansa, birinchi navbatda bankka murojaat qilish kifoya — zarur ma’lumotni aniqlash jarayoni esa InfoCards orqali tezlashadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA