391 mingta muhtoj oilaga elektr va tabiiy gaz xarajatlari uchun 88 milliard so‘m subsidiya ajratilgan
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Qonunchilik palatasi majlisida vazir Jamshid Qo‘chqorov qayd etganidek, ijtimoiy himoya tizimida asosiy e’tibor aholiga shunchaki moddiy yordam ko‘rsatish emas, balki ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘l ochish va kasbga o‘qitish orqali kelgusida barqaror daromad topishiga imkoniyat yaratishga qaratilmoqda.
Joriy yilning 6 oyi davomida nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga 7,3 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 800 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan,600 mingga yaqin oilaga 1,8 sakkiz trillion so‘mdan ortiq bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lab berildi.
Shuningdek, 480 ming nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroga uch trillion so‘mdan ziyod nafaqa to‘landi. 391 mingta muhtoj oilaga elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlari uchun 88 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Joriy yilning birinchi yanvaridan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini fuqarolarning sug‘urta staji va to‘langan sug‘urta badallariga mutanosib ravishda to‘lash mexanizmi joriy etildi. Birinchi yarim yillikda 72 ming nafardan ortiq ayolga qariyb 841 milliard so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berildi. Yangi tizim orqali xususiy sektorda mehnat qilayotgan 12 ming nafar ayolga 180 milliard so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘landi.
M.Komilova, O‘zA