Ayrim yuqori xavfli mahsulotlarga nisbatan yanada qat’iy talablar qo‘yiladi
Parlament quyi palatasi majlisida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan nooziq-ovqat mahsulotlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari belgilanmoqda. Shu bilan birga, ayrim yuqori xavfli mahsulotlarga nisbatan yanada qat’iy talablar qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Mahsulotlarni xavf darajasiga qarab toifalash orqali ularni nazorat qilish tartibini takomillashtirish taklif etilmoqda.

Loyihada Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha bitimi talablaridan kelib chiqib, texnik reglamentlar xalqaro savdoda ortiqcha to‘siqlar yaratmasligi, mahalliy mahsulotlar uchun teng shart-sharoitlar ta’minlanishi hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish tamoyillari mustahkamlangan.
Loyihaga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. Ular mahsulotning talablarga mosligini baholab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi, zarur hollarda esa mahsulotni maxsus muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alashi shart bo‘ladi.

Yana bir yangilik — “muvofiqlik prezumpsiyasi” tamoyili joriy etilmoqda. Ya’ni, amaldagi standartlarga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlar xavfsiz deb hisoblanadi. Mahsulotlarni baholashda esa uning boshqa mahsulotlar bilan o‘zaro ta’siri, foydalanish shartlari, aholining turli qatlamlari — bolalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqalar uchun xavfsizligi alohida e’tiborga olinadi. Masalan, bolalar mahsulotlarida ularning yoshiga nisbatan muvofiqligi ko‘rsatiladi.
Mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi nooziq-ovqat mahsulotlari uchun aniq va shaffof xavfsizlik talablarini belgilashga, iqtisodiy operatorlar mas’uliyatini oshirishga hamda xavfli mahsulotlar bozorga kirib kelishining oldini olishga xizmat qiladi. Bozor munosabatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalarda bir qator fikrlar va sovollar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, deputatlar tomonidan ayrim mahsulotlarga nisbatan texnik reglamentlar mavjud emasligi ta’kidlanib, reglament ishlab chiqishga qo‘yilgan qat’iy talablar tadbirkorlar manfaatlariga ta’sir qilmaydimi, degan savol ko‘tarildi.
Bunga javoban mas’ullar tomonidan qayd etilganidek, amaliyotdagi holatlar tahlil qilinganda 6,7 ming turdagi mahsulotlar tartibga solinmagan. Shundan kelib chiqib, ular bo‘yicha texnik tartibga solish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq.
Loyihadagi normalar natijasida iste’molchilarni himoya qilish darajasi yangi bosqichga ko‘tarilib, ularning mahsulotlarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi. Shuningdek, xalqaro standartlarga mos tizimning joriy etilishi milliy bozor raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA