AQSHda xorijlik talaba va jurnalistlarga viza cheklovi bekor qilindi
“Reuters” xabar berishicha, Boston federal sudi sudyasi Dennis Seylor AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining xorijlik talaba, tadqiqotchi va jurnalistlar uchun mamlakatda bo‘lish muddatini qisqartirish nazarda tutilgan yangi qoidani kuchga kirishiga bir kun qolganda to‘xtatdi.
Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, milliy xavfsizlik hamda viza tizimidagi firibgarlikning oldini olish zarurati bilan izohlangan ushbu tashabbusga ko‘ra, talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari uchun viza muddati ko‘pi bilan 4 yil, xorijiy OAV vakillari uchun esa 240 kun etib belgilanishi kerak edi.
Binobarin, sudya vazirlik vajlarni o‘ta zaif, deb topdi. Cheklov so‘nggi ellik yil davomida amal qilib kelgan, Amerika iqtisodiyoti hamda ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan tizimni izdan chiqarishiga urg‘u berdi.
Sud qarorida yangi taqiq oliy ta’lim tizimi va mamlakat iqtisodiyoti uchun dahshatli oqibatga olib kelishi, ta’lim muassasalariga yuz millionlab dollar zarar yetkazib, xorijlik talabalar oqimini keskin kamaytirishi qayd etilgan.
Tabiiyki, Ichki xavfsizlik vazirligi vakillari sud qarorini tanqid qilib, amaldagi tizim immigratsiya qoidasini suiste’mol qilishga sharoit yaratayotganini ta’kidlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA