Turkiya Respublikasiga 103 yil: Anqarada bayram va turkiy dunyo muloqoti
Turkiyada Respublika e’lon qilinganining 103 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu kunlarda Anqara nafaqat ushbu tarixiy sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanalar, balki Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti bilan ham xalqaro e’tibor markazida turibdi.
1923-yil 29-oktabr kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi respublika boshqaruv shaklini e’lon qilgan edi. O‘shanda Mustafo Kamol Otaturk mamlakatning birinchi Prezidenti etib saylandi va shu tariqa zamonaviy Turkiya Respublikasiga asos solindi. Shundan buyon har yili mazkur sana Respublika kuni sifatida keng nishonlanadi.
Bayram munosabati bilan poytaxt Anqaradagi Anitkabir maqbarasida rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligidagi davlat rahbariyati vakillari respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Mamlakat bo‘ylab harbiy parad, konsert va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etildi. Shaharlar davlat bayroqlari bilan bezatilib, tadbirlarda aholi, mehmonlar ishtirok etdi.

Ayni payt Anqara TDT 13-sammitiga ham mezbonlik qilmoqda. “Turkiy asr: tilda, fikrda va amalda birlik” shiori ostida o‘tgan uchrashuvda a’zo davlatlar rahbarlari turkiy dunyo hamkorligi istiqbolini muhokama qildi. Kun tartibidan savdo-iqtisodiy aloqa, investitsiya, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sheriklik masalalari o‘rin oldi.

Anqarada ikki muhim voqea bir vaqtda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy mazmun kasb etdi. Ya’ni, Turkiya o‘z davlatchiligi tarixidagi muhim sanani nishonladi. Qolaversa, turkiy davlatlar mushtarak manfaat, umumiy kelajak yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Nodira Qayumova, O‘zA
Anqara, Turkiya