AQSH koinotga qurol joylashtirganini birinchi marta tan oldi (+video)
AQSH ilk bor Yer orbitasiga hujum qilishga mo‘ljallangan qurol joylashtirganini tan oldi, deb xabar berdi VVS.
Dushanba kuni Havo, kosmos va kiber urush masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada AQSH Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meynk bu qurol Amerika harbiylarini tahdidlardan himoya qilish uchun kerakligini aytdi. Ammo u qurolning qanday imkoniyatlarga ega ekanini va orbitaga qachon chiqarilganini aytmadi.
Bunga qadar AQSH rasmiylari faqat kosmosdagi harbiy imkoniyatlarni kuchaytirish rejalari haqida gapirgan edi. Ular bunga Rossiya va Xitoyning harbiy mojaro yuz bergan taqdirda AQSH sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilishi yoki ularning izdan chiqarishi mumkinligini sabab qilib ko‘rsatishgan.
Tramp ma’muriyati AQSH hududiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan raketalar va boshqa nishonlarni urib tushirishga mo‘ljallangan «Oltin gumbaz» tizimi kosmosdagi vositalarni ham o‘z ichiga olishini aytgan.
1967-yilda sobiq SSSR va AQSH kosmosga ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi shartnomani imzolagan. Bu hujjat kosmosni, Oyni va boshqa osmon jismlarini o‘rganish hamda ulardan foydalanish tamoyillarini belgilaydi va boshqa davlatlar uchun ham qo‘shilishga ochiq edi. Biroq bu shartnoma yadroviy va boshqa ommaviy qirqin qurollariga taalluqli bo‘lib, oddiy harbiy qurollarni kosmosga joylashtirishni taqiqlamaydi.
Shuning uchun so‘nggi yillarda Rossiya, Xitoy va AQSH raqib davlatlarning sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilish imkonini beradigan turli vositalarni ishlab chiqmoqda. Bu sun’iy yo‘ldoshlar aloqa, razvedka va navigatsiya uchun muhim ahamiyatga ega.
2019-yilda AQSHda 70 yil ichida birinchi marta yangi qo‘shin turi, ya’ni Kosmik kuchlar tashkil etildi. O‘tgan yili prezident Donald Tramp Kosmik kuchlarga nafaqat mudofaa, balki hujum qilish vazifalari ham yuklatilgani haqida farmon chiqardi.
Fevral oyi boshida Rossiyaning ikki sun’iy yo‘ldoshi Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Yevropaning kamida 12 ta sun’iy yo‘ldoshidan signallarni yuqori ehtimol bilan ushlab kelgani ma’lum bo‘ldi. Ushlangan signallar Rossiya razvedkasiga yetib borgan bo‘lishi mumkin. Nazariy jihatdan esa sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish tizimini egallab olish xavfi ham bo‘lgan. 2024-yilda esa AQSH Rossiya boshqa sun’iy yo‘ldoshlarga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshni uchirganini ma’lum qildi. Lekin, Rossiya bu xabarga izoh bermadi.
AQSH Kosmik kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy harbiy salohiyatini modernizatsiya qilish strategiyasi doirasida kosmosdagi va kosmosga qarshi yo‘nalishdagi imkoniyatlarni ishlab chiqmoqda. Rossiya esa kosmosni urush olib boriladigan muhitlardan biri va kelajakdagi mojarolarda kosmos ustidan nazorat hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, deb hisoblaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qKc-6JnZ9sE" title="AQSH koinotga qurol joylashtirganini birinchi marta tan oldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov,
A.Axmedov. O‘zA