Anomal issiqda tabiatni asrash — bugunning eng dolzarb vazifasi
Iyul oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistonda havo haroratining keskin ko‘tarilishi kutilmoqda.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, 13–17-iyul kunlari ayrim hududlarda havo harorati 44–46 darajagacha yetishi mumkin. Bu nafaqat inson salomatligi, balki mamlakatimiz ekologik tizimi uchun ham jiddiy sinov hisoblanadi.
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida ekstremal issiq kunlar soni ortib bormoqda. Yuqori harorat havodagi namlikning tez bug‘lanishi, tuproqning qurishi va suv resurslariga bosimning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Eng katta xavf esa shahar va qishloqlardagi yashil hududlarga, daraxtlar hamda butalarga tahdid solayotganidir.
Daraxtlar havoni tozalaydi, karbonat angidridni yutadi, soya hosil qiladi va shaharlarda haroratning pasayishiga xizmat qiladi. Biroq, uzoq davom etgan kuchli issiq va yetarli parvarishning yo‘qligi ko‘plab ko‘chatlar va katta yoshli daraxtlarning qurib qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kelajakda havo sifati yomonlashishi, chang miqdorining ortishi va shaharlardagi «issiqlik oroli» ta’sirining kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, anomal issiq davrida daraxtlarni kunduzi emas, balki ertalab yoki kechqurun sug‘orish eng samarali usul hisoblanadi. Shuningdek, ildiz atrofini yumshatish, tuproq namligini saqlash uchun mulchadan foydalanish va yosh ko‘chatlarni alohida nazorat qilish ularning yashovchanligini oshiradi.
Ekologik mas’uliyat faqat davlat tashkilotlarining vazifasi emas. Har bir fuqaro o‘z xonadoni, mahallasi yoki ish joyi atrofidagi daraxtlarga befarq bo‘lmasligi lozim. Ayniqsa, qarovsiz qolgan ko‘chatlarni sug‘orish, yonuvchan chiqindilarni yashil hududlarga tashlamaslik va ochiq olov yoqmaslik kabi oddiy qoidalar katta ekologik muammolarning oldini olishi mumkin.
Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar, kommunal xizmatlar va mas’ul tashkilotlar tomonidan sug‘orish tizimlarining uzluksiz ishlashi, suvdan tejamkor foydalanish texnologiyalarini keng joriy etish, yashil hududlarni muntazam monitoring qilish va yong‘in xavfsizligini kuchaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida tabiatni muhofaza qilish faqat ekologlarning emas, balki butun jamiyatning mas’uliyatiga aylanmoqda. Bugun saqlab qolingan har bir daraxt ertaga sog‘lom atrof-muhit, musaffo havo va barqaror ekologik kelajak uchun xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA