Bemorning arzini kim eshitadi?
Qarshi Davlatov ayni paytda Qiziriq tumanidagi Yakkaterak mahallasida yashaydi. U ko‘p yillar xo‘jalikda turli vazifalarda mehnat qildi. Qariyb oltmish yildan ziyod ish faoliyati davomida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. Ko‘p yillar brigadirlik vazifacini ham ado etdi.
Qarshi bobo Davlatov ayni paytda sakson yoshga yaqinlashdi. Bir necha yildan beri bemorlikni boshdan kechirayotir. Hatto yurishga ham qiynaladi. Kechalari tuzuk uxlay olmaydi. Oyog‘i og‘riyotgani uchun azob chekadi.
Shu boisdan tumandagi ayrim mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ham bordi. Ammo arzini tinglaydigan odam topilmadi.
–Agar menga nogironlar aravachasi berishsa, ancha cho‘kib qolgan ko‘nglim ko‘tarilar, o‘zim kechayu kunduz mehnat qilgan dalalarni ham ko‘rib kelishga imkonim bo‘lar edi, – deydi Qarshi bobo yig‘lamsirab. – Mahallamiz raisi Akram Misirov yura olmasligimni yaxshi biladi. Ammo muammoni hal qilishga ko‘maklashishni istamaydi.
Yaqinda Qarshi bobo bilan ancha gurung qildik. U shikoyat qilishni yomon ko‘rishini, hatto or qilishini, shu boisdan yuqori tashkilotlarga biror marta ham ariza yozmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ehtimol, Qiziriq tumani mutasaddilari bu masalaga e’tibor qaratar? Balki vakillar kasalmand boboning holidan xabar olishsa, yurishga qiynalayotgan nuroniyga nogironlar aravachasi ajratilsa, keksa kishining sog‘lig‘i tiklanib ketar?
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri