Amudaryodan Kolxidagacha: Asrlar osha tutashgan taqdirlar
Tarix sahifalarini varaqlaganda, ba’zan kutilmagan va hayratlanarli manzaralarga duch kelamiz. Qadimgi dunyo xaritasiga nazar tashlansa, bugungi O‘zbekiston va Gruziya orasidagi masofa uzoqdek.
Ammo moziyning karvon yo‘llari va daryo o‘zanlari bu ikki o‘lkani biz o‘ylagandan ko‘ra mustahkamroq bog‘lab turgan. Antik davr mualliflari qoldirgan bitiklarda Xorazm aholisining Kolxida xalqlari bilan qizg‘in aloqalari haqida qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan. O‘sha davrlarda Amudaryo va Kaspiy dengizi orqali o‘tgan suv yo‘llari savdo hamda madaniyat ko‘prigi vazifasini o‘tagan. O‘rta Osiyo va Hindiston mollari aynan shu yo‘lak orqali Evksin Ponti, ya’ni Qora dengiz sohillaridagi Kavkaz mulklariga yetib borgan.
Arxeologik qazishmalar chog‘ida topilgan ashyoviy dalillar ushbu tarixiy haqiqatni yanada mustahkamlaydi. O‘rta Osiyoning ikki daryo oralig‘idagi qadimiy yodgorliklaridan topilgan buyumlar Kavkaz hududidagi topilmalar bilan hayratlanarli darajada o‘xshashlikka ega. Buyuk ipak yo‘lining faollashuvi esa bu aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqan edi. VI asrning ikkinchi yarmida Samarqanddan boshlanib, Buxoro va Xorazm orqali Kaspiyning shimoliy sohillariga, undan Kavkaz va Vizantiyaga qadar cho‘zilgan maxsus savdo yo‘li mavjud bo‘lgan. Ushbu yo‘l nafaqat savdogarlar, balki elchilar va sayyohlar uchun ham asosiy harakat yo‘nalishi hisoblangan.
Sharq uyg‘onish davrining yorqin namunasi bo‘lgan adabiy manbalarda ham bu aloqalarning izlarini ko‘rish mumkin. Gruzin xalqining buyuk shoiri Shota Rustavelining XII asrga oid “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonida Xorazm o‘lkasi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Asarda Xorazm bilan o‘rnatilgan savdo munosabatlari, diplomatik aloqalar va hatto sulolaviy yaqinliklar haqida so‘z yuritiladi. Bunday tarixiy ishoralar shunchaki badiiy to‘qima emas, balki o‘sha davrdagi geosiyosiy vaziyatning haqqoniy ifodasidir. Ikki xalq o‘rtasidagi bordi-keldi keyingi asrlarda ham uzluksiz davom etgan va yangi mazmun bilan boyigan.
XVIII asr oxirlarida Buxoroga tashrif buyurgan tog‘ muhandisi G.S.Burnashev o‘z hisobotlarida shaharning ko‘p millatli aholisi orasida gruzinlar ham borligini qayd etgan. Bu ma’lumot savdo va hunarmandchilik aloqalarining barqarorligidan dalolat beradi. Madaniy hayotdagi yaqinlik esa XIX asr oxirida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, 1894 va 1898 yillarda Tiflis opera teatrining Buxoroda gastrol safarlari uyushtirishi mahalliy ziyolilar hayotida katta voqeaga aylangan edi. San’at chegara bilmasligining yana bir isboti sifatida mashhur rassom Gigo Gabashvilining O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatini keltirish mumkin. Uning Samarqand taassurotlari asosida yaratgan janrli asarlari bugungi kunda ham tarixiy qiymatga ega.
“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, Turkiston o‘lkasining iqtisodiy hayotida gruzin tadbirkorlarining o‘rni sezilarli bo‘lgan. Qo‘qon shahrida faoliyat yuritgan Goglidze mehmonxonasi o‘z davrining mashhur go‘shalaridan sanalgan. Toshkent shahrida esa boy tadbirkor G.M.Sinsadze 1911 yilda o‘z mablag‘i hisobidan “Kolizey” binosini qurdirgan. Ushbu muhim me’moriy inshoot uzoq yillar davomida shaharning madaniy markazlaridan biri bo‘lib xizmat qildi. O‘sha davrda Turkiston o‘lkasida mingga yaqin gruzin millati vakillari istiqomat qilgan bo‘lib, ular orasida shifokorlar, o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ko‘pchilikni tashkil etgan. 1917 yilda tashkil etilgan “Gruzinlar ittifoqi” jamiyati milliy o‘zlikni saqlash va madaniyatni rivojlantirish yo‘lida muhim ishlarni amalga oshirgan.
XX asrning boshlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ham gruzin mutaxassislarining hissasi katta bo‘lgan. 1922 yil dekabr oyida Kavkazorti Federatsiyasining Turkistondagi vakolatxonasi Mirzacho‘l uyezdida agrar korxona tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdek murakkab vazifada texnik yordam ko‘rsatilgan va kanallar qurilishida malakali muhandislar ishtirok etgan. O‘sha davr uchun ilg‘or hisoblangan texnikalar Gruziyadan olib kelingan va yangi o‘zlashtirilgan yerlarga sara paxta navlari ekilgan. Garchi keyinchalik ayrim siyosiy sabablar tufayli bu ishlar to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa-da, irrigatsiya va melioratsiya sohasidagi hamkorlik an’analari davom etgan.
O‘zbekiston zamini ko‘plab gruzin ziyolilari va olimlari uchun ikkinchi Vatanga aylangan. Ular respublikamiz ilm-fani rivojiga hissa qo‘shganlar. Astrofizika, seysmologiya, arxeologiya va arxitektura sohalarida faoliyat yuritgan olimlarning nomlari tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Me’morlar K.A.Nikuradze va Sh.Ratiya shaharsozlik sohasida, akademik E.V.Rtveladze esa O‘zbekiston tarixi va arxeologiyasini o‘rganishda ulkan maktab yaratgan. Bu tarixiy dalillar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik ildizlari naqadar chuqur va mustahkam ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA