Ajdodlarimiz merosini asrash va uni munosib targ‘ib etish – barchamiz uchun muhim vazifa
Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi tashkil etildi. Yuqori saviyada o‘tkazilgan nufuzli xalqaro olimpiadada Germaniya, Niderlandiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistondan hududiy saralash bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan 14-18 yoshdagi vatandosh yoshlar ishtirok etdi.
Olimpiada xorijda yashayotgan yoshlarning o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro maydonda o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Qolaversa, ushbu xalqaro olimpiadaning asosiy maqsadi xorijiy davlatlardagi ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini zamonaviy pedagogik talablar asosida o‘qitishni takomillashtirish, vatandosh o‘quvchilar orasida ona tiliga hurmat va muhabbat tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, xorijdagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘quvchilarning bilimini xalqaro mezonlar asosida sinovdan o‘tkazish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Xalqaro olimpiadani tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi, Vatandoshlar jamoat fondi hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari faol ishtirok etdi. Tashkiliy qo‘mita tomonidan olimpiadaning barcha bosqichlari nizom asosida shaffof va xolis tarzda o‘tkazilishi ta’minlandi.
Olimpiada ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar yozma ishlar orqali o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha nazariy bilimlari, ijodiy fikrlashi hamda tahlil qilish ko‘nikmalarini namoyon etgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich test topshiriqlari shaklida o‘tkazilib, unda ishtirokchilarning grammatika, adabiyot, matn tahlili va mantiqiy fikrlash bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Ushbu jarayonlar xalqaro talab va mezonlar asosida tashkil etilib, baholashning adolatli va shaffof bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur xalqaro olimpiada nafaqat yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etish maydoniga aylandi, balki o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, xorijdagi vatandosh yoshlarni ona tilimiz va milliy qadriyatlarimiz atrofida birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Sherbek Islomov, O‘zA