Ustoz — kelajak bunyodkori
Buyuk kashfiyotlar, ulkan yutuqlar, yuksak marralar ortda qolgan yillarning sarhisobi bo‘lishi mumkin. Ammo har bir insonning qalbida qolgan ustoz siymosi vaqt bilan o‘lchanmaydi. Zero, ustoz bergan saboq bir umrga tatiydi. Uning bir og‘iz so‘zi inson taqdirini, ishonchi esa butun bir kelajakni o‘zgartirishi mumkin.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoroda ana shu sharafli kasb egalarining mehnatiga yuksak ehtirom ifodasi bo‘lgan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Bayram tadbirida viloyatdagi maktabgacha va maktab ta’limi, professional ta’lim va sport muassasalari pedagoglari, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ishchi-xizmatchilar hamda soha faxriylari ishtirok etishdi.
Zalda ustozlik kasbiga xos bir ulug‘vorlik — samimiyat, fidoyilik va o‘z kasbiga sadoqat muhiti hukm surdi. Chunki bu yerga jam bo‘lgan insonlarning har biri minglab yoshlar taqdiriga daxldor, ularning qalbi va tafakkuriga o‘z mehnati bilan ta’sir ko‘rsatayotgan zahmatkash insonlar edi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Ustozlarning yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, yuksak ma’naviyatli, bilimli va vatanparvar kadrlarni tarbiyalashdagi mehnati alohida e’tirofga loyiq ekani ta’kidlandi.


Darhaqiqat, o‘qituvchining vazifasi sinfxonada dars berish bilan tugamaydi. U bolaning qobiliyatini kashf etadi, uning orzusiga ishonch uyg‘otadi, murakkab paytda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Ba’zan birgina “Sen uddalaysan!” degan ustoz ishonchi bolaning butun hayotiga qanot bo‘lishi mumkin. Shu bois ustoz mehnatining haqiqiy samarasini faqat baho, diplom yoki medal bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning eng katta natijasi — ertaga jamiyatda o‘z o‘rnini topgan, el-yurtga naf keltirayotgan shogirdlaridir.
Bugun mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan taraqqiyotiga qaratilayotgan e’tibor zamirida ana shu haqiqat mujassam.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ular uchun munosib mehnat va kasbiy rivojlanish sharoitlarini yaratish, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “muallimning obro‘-e’tibori — bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”. Bu g‘oya bugun ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim mazmuniga aylanmoqda. Chunki mamlakatning ertangi taraqqiyoti bugun maktab partasida o‘tirgan o‘g‘il-qizlarning bilimi, dunyoqarashi, salohiyati va ma’naviyatiga bevosita bog‘liq.


Shu nuqtai nazardan qaraganda, pedagog zimmasidagi vazifa ham nihoyatda ulug‘. U nafaqat bilim beradi, balki yangi avlodning fikrlash tarzini shakllantiradi.
Bugun Buxoro ta’lim tizimida ham ana shu yuksak maqsadlar sari izchil harakat kuzatilmoqda. Ta’lim muassasalarida zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni ilm-fan, sport, san’at va boshqa sohalarga keng jalb etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday sa’y-harakatlar samarasi esa, avvalo, o‘quvchi va talabalarning natijalarida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun buxorolik yoshlar respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, sport musobaqalari, turli tanlov va festivallarda munosib ishtirok etib, viloyat ta’lim tizimi salohiyatini namoyon etmoqda. Bir qarashda bu natijalar yoshlarning yutug‘idek ko‘rinadi. Aslida esa har bir g‘alaba ortida ustozning tunlari, izlanishi, sabri va mehri bor.
Tantanali tadbirda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarga sifatli bilim va tarbiya berish, ta’lim muassasalari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh pedagoglar hamda professor-o‘qituvchilarning mehnati alohida e’tirof etildi. Ularga viloyat hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh ustoz va murabbiylar “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Ijtimoiy himoya fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Mukofotlar topshirilayotgan lahzalarda zaldagi quvonchni so‘z bilan ifodalash qiyin. Chunki bu mukofotlar bir kunlik mehnat uchun emas, yillar davomida qilingan fidoyilik, kasbga sadoqat va yurt kelajagi uchun mas’uliyat bilan yashagan insonlarga bildirilgan e’tirof edi. Ustoz uchun eng katta mukofot esa, ehtimol, shogirdining yutug‘idir.
Bir paytlar qo‘liga birinchi marta qalam tutqazgan bolasining bugun ilm-fan bilan shug‘ullanayotganini ko‘rish, uning yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotganini bilish — har qanday mukofotdan yuksak baxt.


Ustozlikning buyukligi shundaki, u inson hayotiga bir soatlik dars bilan emas, butun umrga yetadigan saboq bilan kiradi. O‘qituvchi o‘quvchiga formulani o‘rgatadi, ammo undan ham muhimroq narsani — hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatadi. Tarixni o‘rgatadi, ammo o‘tmishdan xulosa chiqarishni ham singdiradi. Adabiyotni o‘rgatadi, ammo inson qalbini anglashga yo‘l ochadi. Matematikani o‘rgatadi, ammo mantiq bilan fikrlashga undaydi. Eng muhimi, ustoz bolaga inson bo‘lishni o‘rgatadi. Shuning uchun ham xalqimiz azaldan ustozni ulug‘lab kelgan. “Ustoz otangdek ulug‘” degan hikmat bejiz aytilmagan.
Bayram tadbirida ustoz va murabbiylarning sharafli va mas’uliyatli kasbi, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni yana bir bor e’tirof etildi.
Tantanali marosim san’atkorlar va ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Kuy-qo‘shiqlar, dildan aytilgan tilaklar va bayramona kayfiyat ustozlarga bag‘ishlangan ezgu ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi. Ammo bugungi bayramning mazmuni bir kunlik shodiyonaga sig‘maydi. Chunki ustozning mehnati ertangi kun bilan bog‘liq. Bugun u sinfxonada bir o‘quvchiga dars bersa, ertaga o‘sha shogird shifokor bo‘lib inson hayotini asraydi, muhandis bo‘lib shaharlar bunyod etadi, olim bo‘lib kashfiyot qiladi, o‘qituvchi bo‘lib yana bir avlodga saboq beradi. Shu tariqa ustozning mehnati bir insondan boshlanib, avloddan-avlodga ko‘chadi.


Ustoz — kelajakka yozilgan tirik maktub. Uning har bir darsi, har bir nasihati, har bir mehribon nigohida ertangi kunning qiyofasi bor. Shu bois bugun ustozlarga bildirilayotgan ehtirom — oddiy bayram tabrigi emas. Bu — ilmga, ma’rifatga, inson qadriga va millat kelajagiga bildirilayotgan yuksak hurmatdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri