Yoshlar parlament faoliyati bilan tanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Odil sudlov akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlarga Qonunchilik palatasi faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, muloqot davomida parlament qo‘mitalari va fraksiyalarining vazifalari, muhokama qilinayotgan qonun loyihalari yuzasidan taklif va mulohazalarni shakllantirish, tizimdagi muammolarni o‘rganish hamda ularning huquqiy yechimlarini ishlab chiqish jarayonlari tushuntirib o‘tildi.
Yoshlar muloqotda o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, huquqshunos mutaxassislarni xalqaro standartlar va zamonaviy talablar asosida tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, huquq sohasida tahsil olayotgan yoshlarning parlament faoliyati bilan bevosita tanishishi, deputatlar va soha mutaxassislari bilan ochiq muloqot qilishi ularning kasbiy dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, yoshlar Parlament kutubxonasi va muzeyi bilan ham tanishdi.
M.Komilova,
O‘zA