11 ming 671 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasining noqonuniy muomalasi fosh etildi
Qashqadaryo viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 11 ming 671 dona shunday preparat aniqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Qarshi shahrida tezkor tadbir o‘tkazgan.

Tadbir davomida Qarshi shahrida yashovchi ombor mudiri shartli xaridorga 6 million so‘m evaziga 6 ming dona «Benzonal» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtida ushlangan.
Shundan so‘ng uning ish joyidagi omborxona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. U yerda kelgusida noqonuniy realizatsiya qilish maqsadida saqlanayotgan 108 quti, jami 5 ming 400 dona «Benzonal» hamda yorliqlari olib tashlangan 271 dona «Tropikamid» dori vositalari borligi aniqlangan.

Shu tariqa tezkor tadbir davomida jami 11 ming 671 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi va vaqtincha saqlovga olingan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri