Behzod Sobirov: Energiya resurslarining behuda sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi
Yurtimizda aholi va iste’molchilarni elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan barqaror va ishonchli ta’minlash, energiya resurslaridan samarali foydalanish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada hududlarda elektr va gaz ta’minoti tizimlarining texnik holatini chuqur o‘rganish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va tizimni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Shu bilan birga, energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Sobirov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Prezidentimiz tomonidan sohada energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, aholi va iste’molchilarni barqaror energiya bilan ta’minlash, mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularga aniq yechim topish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan. Biz ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda ishchi guruhlar tashkil etib, muammolarni bevosita joyida o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy ishlarni olib boryapmiz.
Bugungi kunda mazkur ishchi guruhlar tomonidan joylardagi elektr va gaz ta’minoti tizimlarining holati tanqidiy-tahliliy o‘rganilmoqda. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, ularni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf qilish va tizim barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Biz uchun eng muhim masala – aholi manfaatlarini ta’minlash. Shu bois, har bir hududda energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni qog‘ozda emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularning aniq sabablarini belgilash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy natijaga erishishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Xususan, Xo‘jayli tumanida olib borilayotgan o‘rganishlar davomida gaz ta’minoti tizimida texnologik va tabiiy yo‘qotishlarni yuzaga keltirayotgan asosiy omillar aniqlanmoqda. Mavjud gaz taqsimlash punktlari, magistral va taqsimlovchi gaz quvurlarining texnik holati chuqur o‘rganilyapti. Bunda asosiy vazifalardan biri – tabiiy gazning behuda yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchiga yetkazib berilayotgan resurs hajmini aniq nazorat qilishdir. Shu bois, gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yer osti va yer usti gaz quvurlaridagi sizib chiqishlar zamonaviy maxsus uskunalar yordamida aniqlanib, mavjud nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, tumanda gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish ishlari ham jadallashtirilmoqda. Jumladan, uch bosqichli gaz taqsimlash tizimini bosqichma-bosqich ikki bosqichli tizimga o‘tkazish, texnik jihatdan eskirgan gaz taqsimlash punktlarini zamonaviy shkafli regulyatorlarga almashtirish hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lgan mahallalarda gaz bosimini me’yorlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tizimni raqamlashtirish masalasi ham doimiy nazoratimizda. Iste’molchilarda o‘rnatilgan “aqlli” gaz hisoblagichlarning texnik holati, ularning to‘g‘ri ishlashi hamda ma’lumotlarning markaziy tizimga onlayn uzatilishi muntazam tekshirilyapti.
Bugungi kunda elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanish ham dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Sirdaryo tumanidagi o‘rganishlar davomida kunduzgi vaqtda ham ayrim iste’molchilar tomonidan elektr energiyasini ehtiyojsiz ravishda yoqib qo‘yish va uni behuda sarflash holatlari kuzatildi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, iste’mol madaniyatini oshirish va har bir kilovatt-soatdan samarali foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarur.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ham energiya barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ushbu hududda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, erishilayotgan natijalarni tahlil qilish va samarali tajribalarni boshqa hududlarda ham tatbiq etishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Shu bilan birga, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishimiz shart. Navoiy viloyatining Nurota tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “T. U.” fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasoslari o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingani aniqlandi. Buning natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 954 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bunday holatlar nafaqat tizimga iqtisodiy zarar yetkazadi, balki qonunga rioya qilayotgan halol iste’molchilarning manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga nisbatan nazorat tadbirlarini kuchaytirish, aniqlangan qoidabuzarliklarni qonun doirasida bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiramiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.