1-sinfga qabul: Qaysi holatlarda ariza rad etilishi mumkin?
2026/2027 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari davom etmoqda. Shu munosabat bilan ota-onalarni qiziqtirayotgan eng dolzarb savollarga aniqlik kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, my.maktab.uz platformasi orqali maktabga borish uchun belgilangan navbatni uning sanasi o‘tmasdan turib o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas. Agar uchrashuv (navbat) belgilangan bo‘lsa, uni faqat belgilangan kun va vaqt o‘tib ketganidan keyin qayta tanlash yoki yangi navbat olish mumkin.
Shuningdek, 1-sinfga qabul uchun berilgan ariza qaysi holatlarda rad etilishi mumkinligi ham tushuntirildi.
Agar bolaning tibbiy ma’lumotnomasida umumta’lim maktablarida ta’lim olishi tavsiya etilmagan bo‘lsa, bola tanlangan ta’lim tilida boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa va so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri ekani aniqlansa qabul komissiyasi bolani umumta’lim maktabiga qabul qilishni rad etishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, mazkur holatlardan tashqari boshqa asoslar bilan bolani umumta’lim maktabiga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA