Xalq ovoziga aylangan nashr
Gazeta — davr ko‘zgusi, xalq ovozi va jamiyat hayotining solnomasi. 35 yildan buyon xalq bilan hamnafas bo‘lib kelayotgan «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarining yubileyi Guliston shahrida ham nishonlandi.
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan tadbirda ushbu nashrlarning bosib o‘tgan yo‘li, jamiyat hayotidagi o‘rni va xalq manfaatlarini ifoda etish borasidagi faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda «Xalq so‘zi» gazetasi sharhlovchisi Abdunabi Aliqulov, ijod maktabi direktori,O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Pokiza Axmedjanova, Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova, shoir Alisher Nur, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti talabasi Zulhayo Mingboyeva, shuningdek, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, jurnalistlar, viloyat Kengashi deputatlari hamda gazetxonlar ishtirok etishdi.
Yubiley kechasini «Xalq so‘zi» gazetasining Sirdaryo viloyatidagi muxbiri Ahmadali Shernazarov olib bordi.
Dastlab gazetalarning tashkil topish tarixi va bosib o‘tgan yo‘liga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Unda nashrlarning mamlakatimizdagi muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni yoritish, dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqish hamda xalqqa yangiliklarni yetkazish borasidagi faoliyati aks ettirildi.
[gallery-32142]
Senator Pokiza Axmedjonova gazetalarning xalq vakillari va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, parlament faoliyatini yoritish, deputatlik hamda senatorlik nazorati natijalarini keng ommaga yetkazishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
— «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarini xalq ovozi, deputatlar ovozi, xalq vakillarining minbari deb atash mumkin. Sababi, ushbu nashrlarda xalq noiblari va parlament a’zolarining maqolalari, fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari muntazam chop etib boriladi. Xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalar, deputatlik va senatorlik nazorati bilan bog‘liq jarayonlarning yoritilishi gazetalarning ahamiyatini yanada oshiradi.
Bu nashrlar 35 yil davomida xalqimiz hayotidan mustahkam o‘rin egalladi. Bugun, ayniqsa, yoshlar telefon va internet orqali qisqa xabarlarni o‘qishga ko‘proq qiziqmoqda. Shunday sharoitda gazetalarning o‘z nufuzi va salohiyatini saqlab qolayotgani quvonarli. Menimcha, har bir rahbar, deputat va mas’uliyatli xodimning ish stolida bu gazetalar bo‘lishi kerak. Zero, ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini anglash va jamoatchilikka yetkazishda muhim manba hisoblanadi, — dedi senator Pokiza Axmedjonova.
«Xalq so‘zi» gazetasi sharhlovchisi Abdunabi Aliqulov ham nashrlarning ko‘p yillik faoliyati, milliy matbuot tizimidagi o‘rni va jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi. U qonunchilikdagi yangilanishlar, davlat va jamiyat hayotidagi muhim o‘zgarishlar hamda xalqimizning ezgu intilishlarini yoritish gazetalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.
Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov va shoir Alisher Nur matbuotning jamoatchilik fikrini shakllantirish, aholining ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishdagi o‘rniga to‘xtaldilar. Hududlardagi ilg‘or tashabbuslar, samarali ish tajribalari va odamlar hayotidagi o‘zgarishlarni yoritish orqali gazetalar jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani qayd etishdi.
Uchrashuvda yoshlarning matbuotga qiziqishini oshirish, ularda axborotni tahlil qilish, mustaqil fikrlash va jurnalistik ijod ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Ijod maktabida faoliyat yuritayotgan jurnalistika to‘garagining yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish va ularni jurnalistika sohasiga yo‘naltirishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Tadbir yakunida tahririyat bilan hamkorlikni rivojlantirish, gazetalar nufuzini oshirish va mushtariylar safini kengaytirishga hissa qo‘shayotgan ishtirokchilarga «35 yil xalq bilan hamnafas» esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi.
Xushovoz xonandalar Sulton Mamatqobilov va Musulmonbek Qobulov ijrosidagi qo‘shiqlar hamda ijod maktabi o‘quvchilarining Xalima Xudoyberdiyeva she’rlaridan Vatan, ona tili va do‘stlikni ulug‘lovchi namunalar o‘qishi tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Gulistondagi uchrashuv «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarining 35 yillik faoliyati, xalq bilan hamnafaslikdagi ijodiy yo‘li va milliy matbuot rivojiga qo‘shayotgan hissasini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA