Zamonaviy laboratoriyalar majmuasi aholi xizmati uchun tayyor
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi laboratoriyalar majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda soha mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur laboratoriyalar majmuasi BMTning Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda to‘liq rekonstruksiya qilindi.
Loyiha doirasida laboratoriya binosi zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, ilg‘or diagnostik uskunalar va yuqori aniqlikdagi tekshiruv tizimlari bilan jihozlandi. Majmua rekonstruksiyasi uchun 1,3 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan.

Yangi laboratoriyalar yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, ichimlik suvi sifati, atrof-muhit monitoringi hamda sanitariya nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda mutaxassislar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular endilikda eng yuqori darajadagi epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda tadqiqotlarni amalga oshirishlari mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA