“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida sport va ta’lim fidoyilari taqdirlandi
Samarqand viloyatidagi umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib qilish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh pedagoglar va o‘quvchilar munosib rag‘batlantirildi.
Jumladan, viloyatdagi 4 nafar maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimi hamda faxriy ustozlar sport vazirligining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– Viloyat miqyosida jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan 448 nafar o‘quvchiga I, II va III darajali ko‘krak nishonlari, sertifikatlar hamda sport formalari tantanali ravishda topshirildi, – deydi Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i J.Nurmonov. – Shuningdek, umumta’lim maktablarida sport infratuzilmasini yanada mustahkamlash va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 12 nafar maktab direktori hamda 54 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisiga sport ekipirovkalari taqdim etildi.


Bunday e’tirof va rag‘bat ta’lim muassasalarida sportni ommalashtirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlar qamrovini kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari