Zamon bilan hamnafas
FOTOREPORTAJ
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Bugungi kun televideniyesi tasvir va ovoz tiniqligi, yorqin ranglar ifodasi bilan tomoshabinni jalb etib, o‘z auditoriyasini yarata oladi. Zero, televideniye so‘zining mohiyatan olganda ma’nosi ham ko‘rish, ko‘rmoq so‘zi bilan bog‘langan.
So‘nggi yillardagi barcha soha va yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar nafasini Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Telekanal televizion sohaning eng so‘nggi rusumdagi texnikalariga ega bo‘lgan holda o‘z teledasturlarini ayni paytda “HD” formatda efirga uzatishni yo‘lga qo‘ygan.
[gallery-12513]
Ma’lumki, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va televizion texnika-texnologiyalarni ishlab chiqarish, yig‘ish va dasturiy ta’minot o‘rnatish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan o‘z sohasida Yevropada mashhur kompaniyalardan biri Litvaning “Televizijos ir rysio sistemos/TVC” TVS - kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining mavjud tele va radio studiyalari zamonaviy va eng so‘nggi rusumdagi texnika-texnologiyalar bilan to‘liq qayta jihozlangan.
Islohotlar jarayonida teleradiokompaniyada ikkita studiya to‘liq qayta jihozlandi, undan tashqari 10 ta montaj jamlanmasi, 12 ta TJK jamlanmasi radioefir uzatish ovoz yozish studiyalari, ko‘chma televizion studiya avtomashinasi olib kelindi. Endilikda teledasturlar “FULL HD” formatda tayyorlanib efirga uzatila boshlandi.
Muhtasham, yirik dasturlarni yuqori saviyada yozib olishga mo‘ljallangan telestudiya, kichik telestudiya yorqin ranglar, radiostudiyalar yuqori ovoz sifati, teleradiokompaniyaning yirik sig‘imga ega raqamlashtirilgan arxiv fondi, zamonaviy kompyuter montajlari va uzatish jihozlari, bularning barchasi ijodiy jamoa faoliyati ko‘lamiga o‘ziga xos ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
– Surxondaryo teleradiokompaniyasi viloyatdagi OAV orasida eng katta auditoriya va jamoaga ega ijodiy muassasa hisoblanadi, - deydi Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi direktori Bahriddin Mingboyev. –Teleradiokompaniya tarkibidagi viloyat radiosi 80 yillik tarixga ega bo‘lsa, viloyat televideniyesi mustaqillik mevasi, istiqlol bilan tengdosh. Surxondaryo telekanali har kuni erta tongdan tunga qadar ko‘pgina teledasturlarini jonli tarzda efirga uzatmoqda. 2022 yildan boshlab O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining maxsus platformasida internet tarmog‘i vositasida, Avivest qurilmasi orqali jonli reportajlarni efirga uzatish yo‘lga qo‘yildi. Yaratib berilgan imkoniyatlar, ijodiy salohiyatning ortgani bois biz, bugun bemalol tele va radiodasturlarimizni nafaqat respublika, hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoga namoyish eta olyapmiz.
Yirik sport tadbirlari, festival va bayramlar, xususan, viloyat markazidan 200 kilometr olis tog‘lar bag‘rida tashkil etilgan “Boysun bahori” xalqaro festivali jarayonlarini jonli tarzda nafaqat viloyatda, balki markaziy telekanallar vositasida mamlakat bo‘ylab efirga uzatilishiga erishilayotganligi ham e’tiborga molik.
Bugun zamonning shiddati tez. Shunga hamohang ommaviy axborot vositalari uchun yaratilayotgan va qo‘llanilayotgan eng so‘nggi rusumdagi texnika-texnologiyalarning rang-barangligini kuzatish mumkin. Teleradio sohasida foydalaniladigan mavjud texnika-texnologiyalar zamon bilan hamnafas holda doimiy ravishda yangilanib borishini davrning o‘zi talab qilmoqda. Surxondaryo teleradiokompaniyasi ijodiy jamoasi uchun yaratilayotgan yaxshi sharoit, albatta ijodkorlarning keyingi faoliyatiga o‘ziga xos yondashuvni talab etayotganligi ham bor gap.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA