MIB fuqaroga 257 million so‘mdan ortiq ish haqini undirib berdi
Paxtaobodda bir necha oy davomida halol mehnati uchun ish haqini ololmagan fuqaroning huquqlari Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan tiklandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 2025-yil 20-noyabrdagi ijro varaqasiga asosan, Paxtaobod tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan fuqaro Ya.Z. foydasiga 257 million 386 ming so‘m miqdorida ish haqi undirilishi belgilangan edi.
Majburiy ijro byurosi Paxtaobod tuman bo‘limi qarzdor tashkilotni qonunda belgilangan talablarni ixtiyoriy ravishda bajarishi haqida ogohlantirgan. Biroq, qarzdorlik belgilangan muddatda to‘lab berilmadi.
Shundan so‘ng, Byuro xodimlari tomonidan majburiy ijro choralari qo‘llanildi. Natijada fuqaroning oylab kutgan 257 million 386 ming so‘mlik mehnat haqi to‘liq undirib berildi.
Shu tariqa, fuqaroning buzilgan mehnat huquqlari qayta tiklanib, sud hujjatining ijrosi amalda ta’minlandi.