Zafarobodda suv yo‘llari ta’mirlanmoqda
Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida ayni kunlarda bajarilayotgan bir qarashda oddiydek tuyulgan ta’mirlash ishlari zamirida katta maqsad – suvni tejash, uni manziliga to‘la va o‘z vaqtida yetkazish, eng muhimi, aholi uchun rizq va daromad manbaiga aylantirish vazifasi mujassam.
2026-2027-yillar kuzgi-qishki mavsumiga tayyorgarlik doirasida sug‘orish tarmoqlari ta’mirlanib, tozalanmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida YUR-24 xo‘jaliklararo kanalining 2 ming 130 metrlik qismi kapital ta’mirlanmoqda.
Bu kanal orqali Zafarobod va Sobir Rahimov suv iste’molchilari uyushmalaridagi 121 ta fermer va dehqon xo‘jaligi hamda 230 dan ortiq aholi tomorqasiga suv yetkazib beriladi. U xizmat ko‘rsatadigan umumiy maydon 4 ming 959 gektarni tashkil etadi.

“G‘allaorol qurilish-ta’mirlash” xususiy korxonasi tomonidan kanalning belgilangan qismlarida betonlash ishlari olib borilmoqda. Bu esa suvning tuproqqa singib yo‘qolishini kamaytirib, uni iste’molchiga barqaror va o‘z vaqtida yetkazish imkonini kengaytiradi.
Ammo suvning qadrini raqamdan ko‘ra xonadon hayoti yaqqolroq ko‘rsatadi. Tumandagi 30-U-24 sug‘orish tarmog‘i Saydulla Sindarov nomli SIUdagi 3 ta dehqon xo‘jaligining 62,75 gektar yer maydoni bilan birga “Bo‘ston” va “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 348 ta xonadon tomorqasini suv bilan ta’minlaydi.

Bu 348 ta oila uchun shunchaki suv emas. Bu tomorqada ekin ekish, mahsulot yetishtirish, o‘zini o‘zi band qilish va oila byudjetiga qo‘shimcha daromad kiritish uchun yana bir imkoniyatdir. Agar har bir xonadonda kamida ikki nafar kishi tomorqadan samarali foydalanish orqali mehnat qilsa, bu kamida 696 nafar aholining bandligi va daromadiga daxldor muhim imkoniyatni anglatadi.
Ayni paytda mazkur tarmoqning 1 kilometrdan ortiq qismida lotoklar loyqa va chiqindilardan tozalanmoqda. Suv yo‘lining ochilishi bilan suvning xonadonlar tomorqalarigacha yetib borishi yaxshilanadi. Demak, bugun tozalanayotgan har bir metr tarmoq ertaga bir qarich yerning unumdorligiga, bir oilaning dasturxoniga va yana bir daromad manbaiga xizmat qilishi mumkin.

Suv – dala uchun hosil, tomorqa uchun baraka, xonadon uchun esa daromad manbai. Shu ma’noda, Zafarobodda amalga oshirilayotgan ishlar faqat kanal va lotoklarni ta’mirlash bilan cheklanmaydi. Ularning zamirida fermer va dehqon xo‘jaliklarini ishonchli suv bilan ta’minlash, aholi tomorqalarining imkoniyatini kengaytirish, mavjud resursdan tejamkor foydalanish va inson manfaatiga xizmat qiladigan infratuzilmani yaratishdek ezgu maqsad bor.

Zero, suv o‘z vaqtida manziliga yetsa, yer unumdorligi oshadi. Yer unum bersa, xonadonda baraka ko‘payadi. Baraka bor joyda esa mehnatning qadri, oilaning daromadi va odamlarning ertangi kunga ishonchi ortadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri