Mahorat darsi tashkil etildi
Taniqli rassom Jamol Usmonovning noyob yondashuvi tasviriy san’atga yangicha nazar tashlashga chorlaydi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi qoshida mahorat darsi tashkil etildi.
Dars taniqli rassom Jamol Usmonov tomonidan olib borildi. Unda rassom tasviriy san’atning o‘ziga xos jihatlari, ijodiy yondashuv, badiiy tafakkur va asar yaratish jarayonining muhim bosqichlari yuzasidan tinglovchilarga nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalar berdi.
Master-klass davomida rassom o‘zining ijodiy izlanishlari, rangtasvirda shakllangan tajribasi hamda san’atda yangi ifoda vositalarini izlash jarayoni haqida ishtirokchilar bilan fikr almashdi.
Jamol Usmonov o‘z ijodiy faoliyatining muhim bosqichlaridan biri haqida so‘z yuritar ekan, 1998–1999-yillarda Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” (“Qush tili”) asari asosida ijodiy turkum ustida ishlay boshlaganini ta’kidladi. Ushbu jarayonda turli tajribalar olib borilgani, an’anaviy rangtasvir imkoniyatlari rassomning ijodiy g‘oyalarini to‘liq ifodalash uchun yetarli bo‘lmay qolgani haqida so‘zlab berdi.
“Men kartina uchun ajratilgan chegaralardan tashqariga chiqishim kerakligini his qildim. G‘oyani kompozitsiyada to‘liq ifodalash uchun menga ma’lum bir makon zarur edi. Uch o‘lchamli makon bilan ishlay boshlaganimda esa o‘zimda yangi imkoniyatlarni his qildim va yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi”, — deya rassom o‘z ijodiy tajribasi bilan bo‘lishdi.
Shuningdek, u tinglovchilarga tasviriy san’atda individual uslubni shakllantirish, kompozitsion yechim topish, ranglar uyg‘unligidan samarali foydalanish hamda ijodiy g‘oyani badiiy obraz orqali ifodalashning amaliy usullarini namoyish etdi.
Tinglovchilar rassomning bevosita amaliy ish jarayonini kuzatish, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish va ijodiy topshiriqlar orqali o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ta’kidlash lozimki, ushbu mahorat darsi tinglovchilarning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish, ijodiy salohiyatini oshirish hamda zamonaviy tasviriy san’at yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherbek Islomov, O‘zA