Yuzdan ortiq fuqaroning murojaatlari eshitildi
Xalq vakillarining hududlardagi o‘rganishlari joylarda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, fuqarolarning murojaatlarini tinglash va ularga yechim topishda muhim ahamiyatga ega.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har oyning oxirida o‘zlari saylangan saylov okruglarida bo‘lib, ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar, ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini yaqindan o‘rganmoqda, fuqarolar bilan muloqot qilishmoqda. Shu orqali hududlardagi mavjud masalalarni hal etishayotgani e’tiborga molik.
Kuni kecha parlament quyi palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida fraksiya a’zolarining saylov okruglaridagi bu galgi faoliyati yakunlari batafsil muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, fraksiya a’zolari saylov okruglarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, fuqarolarning murojaatlarini tingladi, ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar hamda tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, hududlardagi dolzarb masalalarni o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida jami 264 ta ob’ekt qamrab olinib, 167 ta uchrashuvda 3 ming 816 nafar aholi ishtirok etdi, 114 nafar fuqaroning murojaatlari sayyor qabullarda eshitildi. Aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan tegishli choralar belgilandi.

Deputatlarning fikricha, xalq vakillarining saylov okrugidagi faoliyati, avvalo, aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish va amaliy yechim topishga qaratilmog‘i lozim. Shu ma’noda ular joylarda odamlarni tashvishga solayotgan muhim masalalarga ustuvor ahamiyat qaratib, vakolatlari doirasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
M.Komilova, O‘zA