Daraxtlar faqat statistika uchun ekilmasligi kerak
Shahar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, uning haqiqiy qulayligi faqat yo‘llar, binolar yoki infratuzilma bilan emas, balki insonning tabiatga qanchalik yaqinligi bilan ham belgilanadi.
Shu nuqtai nazardan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy etilayotgan “3–30–300” tamoyili shahar va tumanlarni ko‘kalamzorlashtirishga yangicha yondashuvni nazarda tutadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan endilikda ishlarning samaradorligi ekilgan nihollar soni bilan emas, balki ularning bir, uch va besh yildan keyingi yashovchanligi asosida baholanishi qat’iy belgilab berilgan. Shu munosabat bilan dunyoning ilg‘or megapolislarida qo‘llanilayotgan mashhur “3-30-300” ekologik standarti mamlakatimizga moslashtirilgan holda joriy etiladi. Mazkur standartga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash yoki ta’lim olish joyidan daraxtlarni ko‘ra olishi, yashash hududining salmoqli qismi yashil maydonlardan iborat bo‘lishi va har bir aholi uchun yaqin masofada katta yashil hudud mavjud bo‘lishi kerak.
Bu talab shunchaki ko‘chat ekish emas, balki daraxtlarni inson kundalik hayotining bir qismiga aylantirishni anglatadi. Ya’ni, yangi qurilayotgan yoki obodonlashtirilayotgan hududlarda daraxtlarning joylashuvi, zichligi va parvarishi ham hisobga olinadi. Demak, “Yashil makon”da asosiy mezon faqat qancha daraxt ekildi, degan savol bilan cheklanmaydi. Muhimi, ekilgan daraxtlar qayerda, qanday sharoitda o‘smoqda va inson ulardan bahramand bo‘lyaptimi? Tamoyilning ikkinchi qismi aholi yashash hududlarining kamida 30 foizini yashil hududga aylantirishni nazarda tutadi. Yashil dasturlarni amalga oshirishda muhim masala — ekilgan daraxtlarni saqlab qolish va parvarishlash. Chunki ko‘chat ekish ishning yakuni emas, balki boshlanishi hisoblanadi. Shu bois daraxtlarni muntazam parvarishlash, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish va yashil hududlarni saqlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi. Hududlarda chiqindi yig‘ish shoxobchalarining tashkil etilishi ham ekologik muhitni asrashda muhim omil bo‘ladi.

Bu yondashuv, avvalo shaharlarda havo sifatini yaxshilash, yozgi issiqlik ta’sirini kamaytirish va aholi uchun qulay dam olish maskanlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, “3–30–300” tamoyili daraxt, yashil maydon va inson o‘rtasidagi masofani qisqartirishga qaratilgan. Uning maqsadi shahar aholisini tabiatdan uzoqlashtirmasdan, yashil hududlarni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirishdir. Eng muhimi, bu yondashuvda inson markaziy o‘rinda turadi. Ya’ni, daraxtlar statistika uchun emas, odamlar uchun ekiladi; bog‘lar faqat hududni bezash uchun emas, aholi foydalanishi uchun barpo etiladi; yashil maydonlar esa shaharning qolgan qismi orasidagi bo‘sh joy emas, balki uning zarur infratuzilmasi sifatida qaraladi.
Aslida “3+30+300” tamoyili qanday paydo bo‘lgan ?
Bugungi kunda mazkur yondashuv dunyoning qator shaharlarida qo‘llanilmoqda. Antverpen, Afina, Belfast, Gamburg, Myunxen va Vashington kabi shaharlarda yashil infratuzilmani rivojlantirishda ushbu tamoyildan foydalanilayotgani uning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Uning asosiy g‘oyasi — yashil hududlarni aholi uchun teng va qulay darajada yaqinlashtirish. Bu esa nafaqat ekologik barqarorlik, balki aholi salomatligi, farovonligi va shahar muhitining jozibadorligiga ham ta’sir ko‘rsatadi. “3–30–300” tamoyilining ahamiyati ham shunda — u ko‘kalamzorlashtirishni bir martalik tadbir emas, balki shahar muhitini rejalashtirishning doimiy qismiga aylantirishni nazarda tutadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan umumiy uzunligi 10 kilometrdan kam bo‘lmagan soyali sayr ko‘chalarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA