Yurtboshimiz ishonchiga munosib bo‘lamiz
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida korxonamiz faoliyati, xususan, intensiv usulda baliq yetishtirish loyihamiz bilan tanishishi jamoamizni behad quvontirdi.
Korxonamizning intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz baliqchilik sohasini rivojlantirish hamda Farg‘ona vodiysidagi baliqchilik xo‘jaliklarini forel chavoqlari bilan ta’minlashdir.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘mga teng loyiha doirasida 2 gektar maydondagi maxsus hovuzlarda intensiv usulda yiliga 2,5 million dona baliq chovoqlari, 200 tonna baliq go‘shti yetishtiriladi.
Loyiha doirasida 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Kelgusida Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlariga 2 million dollar qiymatdagi forel chavog‘ini eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Majmuamizda suvni biologik usulda tozalovchi bir hujayrali suv o‘ti – xlorella suspenziyasini yetishtirish laboratoriyasi tashkil etilgan. Xlorella yordamida tozalangan suv hosildorlikni 15-20 foizgacha oshirishga yordam beradi.
Majmuada elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj quyosh panellari orqali olingan yashil energiya hisobidan to‘liq qoplanadi. Hovuzlardan chiqqan, ammiak, fosfor va kalsiyga tabiiy boyitilgan suv isrof qilinmasdan, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bu suvni tejash bilan birga, hosildorlikni oshiradi.
Ushbu ilg‘or texnologiyani qo‘llagan holda 2 gektar maydonda an’anaviy usulda 100 gektarli suv havzasida yetishtirish mumkin bo‘lgan hajmdagi mahsulotni olish imkonini beradi.
Prezidentimiz loyihamiz, amalga oshirilgan ishlar bilan bevosita tanishib, ishlarimizni ijobiy baholadi, shu bilan birga, loyiha samaradorligini yanada oshirish yuzasidan topshiriq va tavsiyalar berdi.
Prezidentimizning korxonamizga tashrifi, u kishi bilan bo‘lgan muloqot, ayniqsa, faoliyatimizga bergan ijobiy bahosi nafaqat menga, balki butun jamoamizga kuch, shijoat, g‘ayrat berdi. Bundan buyon yanada samarali ishlashga, yurtboshimiz bahosiga, ishonchiga munosib bo‘lish, Vatanimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shish uchun astoydil mehnat qilamiz.
G‘ofirjon Sobirov,
Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” MCHJ rahbari.
O‘zA