Bo‘lajak yuristlarning nazariy bilimlari oshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda bo‘lajak yuristlar o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lashga hamda kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilashga oid tushunchalarga ega bo‘ldi.
Tadbirning birinchi qismida talabalar institut faoliyati, yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlari, zamonaviy o‘quv jarayonlari hamda tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, talabalarga institutning o‘quv auditoriyalari, axborot-resurs markazi va boshqa infratuzilma ob’ektlari bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida institut direktorining o‘rinbosari F. Maxmudov ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda talabalarga yuridik sohada kasbiy rivojlanish, zamonaviy huquqshunos oldida turgan vazifalar hamda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.

Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tadbir bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirish, ularni Institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA