Yuqumli kasalliklar profilaktikasiga bag‘ishlangan trening
Qarshi shahrida “Aholining tibbiy savodxonligini oshirish va jamoat salomatligini mustahkamlash masalalarida ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘rni” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilib, unda Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, matbuot kotiblari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi aholi o‘rtasida tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda OAVning o‘rnini yanada kuchaytirish, jurnalistlarni tibbiy mavzularni xolis, aniq va mas’uliyatli yoritish bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan tibbiy ma’lumotlarni aholiga sodda va tushunarli shaklda yetkazish, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish, salomatlikka oid dolzarb mavzularni keng yoritish borasida amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, noto‘g‘ri va tasdiqlanmagan axborotlar tarqalishining oldini olish, ishonchli manbalar bilan ishlash, raqamli platformalarda tibbiy axborot tarqatish madaniyati kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
– Seminar davomida aholi bilan to‘g‘ri va samarali muloqot qilish, tibbiy ma’lumotlarni sodda va tushunarli tarzda yetkazish bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldik, – deydi jurnalist Abdurazzoq Murodov. – Ayniqsa, tibbiy axborotni mas’uliyat bilan yoritish, faqat ishonchli manbalarga tayanish va yolg‘on xabarlar tarqalishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar jurnalistlar uchun juda foydali bo‘ldi.
Ikki kun davom etgan seminar doirasida “Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi”, “Pandemiyalarga tayyorgarlik: ilmiy yondashuvlar va amaliy yechimlar”, “Jamoat salomatligini ta’minlashda profilaktikaning ahamiyati” kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi o‘quv-treninglar ommaviy axborot vositalari vakillarining tibbiy mavzularni chuqur anglashiga xizmat qilib, aholini ishonchli va sifatli axborot bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish va jamoat salomatligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
[gallery-30296]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari