Shaharsozlik loyihalari sifat mezonlari asosida baholandi
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida bo‘lib o‘tgan Shaharsozlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va rekonstruksiya loyihalari ko‘rib chiqilib, ularning shaharsozlik me’yorlari, arxitektura yechimlari hamda aholi uchun yaratiladigan qulayliklarga muvofiqligi atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilishda har bir loyiha amaldagi shaharsozlik qonunchiligi, bosh reja talablari, arxitekturaviy qiyofa, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, transport va piyodalar harakatini tashkil etish, ekologik talablar hamda aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mezonlari asosida baholandi.

Muhokamalar yakunida Shirin shahrida «Remstroyproyekt» xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan IT-markaz qurilishi loyihasi hamda Guliston shahrining Bahor mahallasidagi gilam va profnastil ishlab chiqarish korxonasini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha omborxonalar barpo etishga oid loyiha shaharsozlik talablariga muvofiq deb topilib, ijobiy xulosa oldi.


Shu bilan birga, Guliston shahridagi «Do‘stlik» kanali bo‘yida sayilgoh barpo etish hamda Oqoltin tumanidagi choyxona binosini kengaytirish loyihalarida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, funksional yechimlar, piyodalar harakati, muhandislik infratuzilmasi va aholi uchun qulaylik masalalari yetarlicha inobatga olinmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan mazkur loyihalar kengash tomonidan ma’qullanmadi hamda loyihalash tashkilotlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib, hujjatlarni amaldagi shaharsozlik va arxitektura talablari asosida qayta ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA мухbirи