Yunusobodda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi ochildi(+video)
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholiga zarur ijtimoiy xizmatlarni bir manzilda ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bu yerda fuqarolar 10 dan ortiq ijtimoiy, reabilitatsiya va parvarish xizmatlaridan bepul foydalanishi mumkin. Jumladan, bolalar va kattalar uchun reabilitatsiya, kunduzgi qarab turish, erta aralashuv, psixosotsial reabilitatsiya hamda Yaponiya tajribasi asosida kattalarga kunduzgi qarab turish va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz har yili 10 ming nafarga yaqin fuqaroni qamrab olish imkoniyatiga ega. Ayni paytda Andijon, Jizzax, Nurafshon, Shayxontohur va Yunusobodda yangi formatdagi markazlar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda yana 20 ta, keyingi ikki yilda esa 70 ta shunday markazni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Maqsad — ijtimoiy xizmatlarni insonga yanada yaqinlashtirish va zarur yordamni qulay, sifatli hamda bir manzilda ko‘rsatish. Markazda yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida — batafsil videoda.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA