Farg‘ona: raqamlarda aks etgan taraqqiyot (+video)
Bugun Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’naviy markazida Farg‘ona viloyati ahli Mustaqillikning 35 yilligini keng nishonlamoqda. Bu qutlug‘ sana nafaqat bayram, balki o‘tgan davr sarhisobini qilish, erishilgan natijalarni raqamlarda baholash va oldinda turgan vazifalarni belgilash uchun ham muhim fursatdir.
Farg‘ona iqtisodiyoti haqida gapirganda, uning ko‘lamini oddiy raqamlar bilan ham tasavvur qilish mumkin. 2026-yilning yanvar-iyun oylarida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 65,2 trillion so‘mga yetdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 9,1 foiz ko‘p. Farg‘onaning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini shakllantirishdagi hissasi esa 6,1 foizga o‘sdi. E’tiborli jihati shundaki, iqtisodiy o‘sish bitta tarmoq hisobiga emas, balki bir nechta yo‘nalishdagi ijobiy dinamika hisobiga ta’minlanmoqda. YAHM tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 49,2 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 27,3 foiz, sanoatniki 15,7 foiz, qurilishning ulushi esa 7,8 foizni tashkil qilmoqda. Demak, Farg‘ona iqtisodiyotida xizmatlar sohasi tobora katta o‘rin egallamoqda. Bu hudud iqtisodiyotining an’anaviy agrar-industrial modeldan xizmatlar, qayta ishlash, savdo, logistika va zamonaviy servislarga tayangan ko‘p tarmoqli tizimga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
2026-yil yanvar-iyun oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 foizga, yalpi qo‘shilgan qiymati esa 15,7 trillion so‘mga o‘sdi. Ayniqsa, qurilish sohasidagi 22,4 foizlik yuksalish e’tiborga molik. Bu ko‘rsatkich yangi ishlab chiqarish quvvatlari, uy-joylar, infratuzilma va ijtimoiy ob’ektlar qurilishi iqtisodiy faollikning muhim drayveriga aylanganidan dalolat beradi.
Iqtisodiy o‘sishning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri – investitsiya. 2026-yilning birinchi yarmida Farg‘ona viloyati iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini rivojlantirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 25,7 trillion so‘m sarmoya o‘zlashtirildi. Bu 2025-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 46,7 foizlik o‘sish demakdir.
2026-yilda viloyatda umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular doirasida 1 424 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 52 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat hozirda dunyoning 74 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Farg‘ona azaldan O‘zbekistonning eng yirik agrar hududlaridan biri bo‘lib kelgan.
G‘allachilikda nav tanlash, yerni haydab ekish, ko‘chatni yangi qo‘shimchalar bilan parvarishlash va nest-nobud qilmay vaqtida yig‘ib olingani tufayli viloyatda o‘rtacha hosildorlik 83,1 sentnerga yetdi. O‘nlab fermerlar 100 sentnerdan oshirib don yetishtirdilar.
Paxtachilikda Shinjon uslubi qo‘llandi. Qo‘shqator, plyonka ostida, tomchilatib sug‘orish uslubini qo‘llab, Xitoy urug‘lik chigitini ekdilar. Hali sentabr kelmadi, ammo dalalar chaman ochilgan paxta dengizi misol tebranmoqda. 300 ta terim mashinasi esa saf tortib, o‘z vaqtini kutib turibdi. Viloyat har bir gektaridan o‘rtacha 53,5 sentnerdan hosil olishni rejalashtirgan. Umuman 2026-yil birinchi yarmida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida o‘sish sur’ati 104,5 foizni tashkil etdi.
So‘nggi yillarda 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor tashkil etildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva-sabzavot eksporti 400 million dollarga yetgan. Bu yil u 500 million dollardan oshishi kutilyapti. Bu jarayon Farg‘onaning Oltiariq uzumchiligi, Quva va boshqa hududlardagi bog‘dorchilik, sabzavotchilik va qayta ishlash korxonalari bilan bevosita bog‘liq.
Farg‘ona viloyati uchun 2026-yilga belgilangan maqsadlar ham yuqori. Yil yakuniga qadar iqtisodiyot o‘sishini 9,1 foizga, sanoat o‘sishini 9 foizga ta’minlash, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Bu raqamlar oddiy reja emas. Ular Farg‘ona iqtisodiyotining keyingi bosqichi qanday bo‘lishini belgilaydi. Buning ortida minglab tadbirkorlar, muhandislar, dehqonlar, quruvchilar, ishchilar va mutaxassislarning mehnati mujassam. Mustaqillik bayrami arafasida bu raqamlarga qarar ekanmiz, bir haqiqat yana bir bor ayon bo‘ladi.
Farg‘ona bugun faqat o‘zining tarixiy va ma’naviy salohiyati bilan emas, balki iqtisodiy imkoniyatlari bilan ham O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanch nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda.
Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan atalgan ilmiy-ma’naviy markazda nishonlanayotgan Mustaqillik bayrami ana shu taraqqiyot – tarix, ma’naviyat va zamonaviy iqtisodiy yuksalish uyg‘unlashib borayotganining ramziy ifodasi bo‘ladi. Zero, Mustaqillikning mazmuni faqat bayramona tadbirlardagina emas, 65 trillion so‘mlik iqtisodiy salohiyatda, 25 trillion so‘mdan ortiq investitsiyada, yangi korxonalar va ish o‘rinlarida, eksport geografiyasining kengayishida va eng muhimi – insonning farovon hayotida namoyon bo‘ladi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi so‘zga chiqib, barchani ayyom bilan muborakbod etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gw3k2kzyq10" title="FARG`ONA: RAQAMLARDA AKS ETGAN TARAQQIYoT" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA