Yuksak mukofotlar o‘z egalariga topshirildi
Geologiya sohasi xodimlari kuni
Har yili aprel oyining birinchi yakshanbasi mamlakatimizda geologiya sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kasb bayrami munosabati bilan Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, Toshkent viloyatidan bir guruh soha fidoyilari davlat mukofotlari – orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Toshkent viloyati hokimligida mazkur yuksak mukofotlarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, hokimlik mutasaddilari, soha vakillari, mehnat faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Marosimda viloyat rahbari geologiya sohasining mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidlarkan, soha vakillarining yer osti boyliklarini aniqlash, yangi kon va xomashyo zaxiralarini izlab topish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda geologik tadqiqotlarni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan fidokorona mehnatini yuksak baholadi.

Xususan, Prezident farmoniga asosan geologiya sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi burg‘ilash uchastkasi burg‘ilovchisi Rahmonali Nuraliyev, shuningdek, “Shuhrat” medali bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining “Avtomobil va texnologik transport” filiali og‘ir yuk mashinasi haydovchisi Ilhom Zairov taqdirlandi.


Marosimda mazkur mukofotlar o‘z sohiblariga tantanali topshirildi. Taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, mazkur e’tirof ularni bundan buyon ham yurt ravnaqi, soha taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida yanada sidqidildan mehnat qilishga undashini ta’kidladi.
A. Musayev, O‘zA.