Yoshlar siyosati amalda
Prezidentimizning 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakat yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilangan vazifalar, ilgari surilgan tashabbus va imkoniyatlarni hududlarda samarali amalga oshirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruh Xovos tumanida Prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi, yoshlar bilan ishlash tizimi hamda ular uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Tashrif davomida yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga oid loyihalarga keng jalb etish, shuningdek, davlat rahbari tomonidan e’lon qilingan yangi imkoniyat va imtiyozlarni har bir mahallaga yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Ishchi guruh dastlab Guliston shahridagi «Madinabonu» xususiy o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda yoshlarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish, ta’lim sifati hamda mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Keyingi manzil Xovos tumanidagi 1-son politexnikumi bo‘ldi. 1987-yilda barpo etilgan, 600 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda 491 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Uchrashuvda ta’lim sifatini oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, litsenziya talablarini soddalashtirish hamda muassasa faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishchi guruh Xovos tumanidagi zamonaviy «Yoshlar markazi» faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni rivojlantirish va raqamli ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tashrif davomida Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish, ulardan samarali foydalanish va hududlarda amaliy natijadorlikni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA